← Burchoqdoshlar
Yulingan Astragal
Burchoqdoshlar
Yangi

Yulingan Astragal

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Astragalus rhacodes Bunge

Maqomi: 2. Oloy tizmasida o‘sadigan kamyob o‘simlik. Kisqacha tavsifi. Pastki qismi yog‘ochsimon yarim butacha. Bargining uzunligi 7–12 sm, barg bandining uzunligi esa 15–17 sm, oq tuklar bilan qoplangan. Gulpoyasining uzunligi bargiga teng, baʼzan esa undan sal uzunroq. Gulpopugi momiq va g‘ovak, 10–25 gulli. Kosachasi mevalagan paytida shishadi. Guli sariq. Dukkagi yarim dumaloq yoki cho‘ziq yarim tuxumsimon shaklda. May–iyun oyida gullab, mevasi iyun–iyulda yetiladi.

Tarqalishi: Farg‘ona viloyati: Oloy tizmasida (Shohimardon, Sadqoq, Qiziltog‘ qishloqlari atroflarida) tarqalgan. Qirg‘izistonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Dengiz sathidan 1200– 1600 m balandlikdagi tog‘ yonbag‘irlarida qizil qumtoshlarda, mayda jinsli va shag‘alli tuproqlarda o‘sadi.

Soni: Yakka-yakka holda yoki bir nechta tup o‘simlikdan tashkil topgan kichik to‘plar hosil qilib o‘sadi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Yangi yerlarning o‘zlashtirilishi va ko‘plab chorva mollarining boqilishi uning ko‘payishiga salbiy taʼsir ko‘rsatmokda.

Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida o‘stirilgan.

Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Tabiatda kamayib ketish sabablarini aniqlash uchun uning biologiyasini va ekologiyasini o‘rganish lozim. Manbalar. [156–159, 342].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009