Qadimgi davr

Aristotel

Aristotel

Faylasuf, tabiatshunos mil. avv. 384–322
«Tabiatdagi har bir narsada qandaydir mo‘jiza bor.»— «Hayvonlarning a’zolari haqida», I kitob
«Tabiat hech narsani behuda qilmaydi.»— «Siyosat», I kitob
Batafsil

Qadimgi yunon faylasufi, Platonning shogirdi va Iskandar Zulqarnaynning ustozi. Afinada «Litsey» nomli maktabga asos solgan. Mantiq, fizika, siyosat, axloq va tabiatshunoslikka oid asarlari ikki ming yil davomida ilm-fanning asosi bo‘lib kelgan.

«Hayvonlar tarixi», «Hayvonlarning a’zolari haqida» va «Hayvonlarning paydo bo‘lishi haqida» asarlarida 500 ga yaqin hayvon turini tasvirlagan. U hayvonlarni suvda va quruqlikda yashovchi, suzuvchi, uchuvchi va sudralib yuruvchilarga ajratgan, «qonli» va «qonsiz» (hozirgi umurtqali va umurtqasiz) hayvonlarni farqlagan.

Aristotel jonzotlarning yashash muhiti, tuzilishi va oziqlanishini birgalikda o‘rgangan. Shu sababli uni zoologiya va ekologik kuzatish usulining asoschilaridan biri deb hisoblashadi.

Teofrast

Teofrast

Faylasuf, botanik mil. avv. taxminan 371–287
«O‘simliklarning o‘ziga xos belgilari va umumiy tabiatini ularning tuzilishi, tashqi sharoitga munosabati, ko‘payish usuli va butun hayot yo‘li nuqtai nazaridan ko‘rib chiqish lozim.»— «O‘simliklar tarixi», I kitob
«Vaqt — inson sarflay oladigan eng qimmatli narsa.»— Diogen Laertsiy, «Mashhur faylasuflarning hayoti», V kitob
Batafsil

Lesbos orolidagi Eres shahrida tug‘ilgan yunon olimi, Aristotelning shogirdi va uning «Litsey»dagi vorisi. «Botanikaning otasi» deb ataladi.

«O‘simliklar tarixi» va «O‘simliklarning sabablari» asarlarida 500 ga yaqin o‘simlikni tasvirlagan, ularni daraxt, buta, chala buta va o‘tlarga ajratgan. O‘simliklarning o‘sishiga iqlim, tuproq va suvning ta’sirini, bir xil turning turli joyda turlicha o‘sishini birinchilardan bo‘lib kuzatgan.

Teofrastning kuzatishlari o‘simliklar va muhit o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganuvchi fan — o‘simliklar ekologiyasining ilk kurtaklaridir.

Sharq Uyg‘onish va Temuriylar davri

Muhammad al-Xorazmiy

Muhammad al-Xorazmiy

Matematik, astronom, geograf taxminan 783–850
«Bilingki, daryoning ko‘zlari yoshlansa, uning boshiga g‘am, kulfat tushgan bo‘ladi. Odamlar, daryodan mehringizni darig‘ tutmanglar!»
«Hisobning eng oson va eng foydali qismini — odamlar meros, vasiyat, taqsimot, da’vo va savdoda, bir-birlari bilan barcha muomalalarida, shuningdek, yer o‘lchash, kanal qazish va geometrik hisob-kitoblarda doimo muhtoj bo‘ladigan narsalarni o‘z ichiga olgan qisqa kitob tuzdim.»— «Al-jabr val-muqobala hisobi haqida qisqacha kitob», muqaddima
Batafsil

Xorazmda tug‘ilgan buyuk alloma, Bag‘doddagi «Bayt ul-hikma» («Donishmandlar uyi») olimlaridan biri. Uning «Al-jabr val-muqobala» asari nomidan «algebra», o‘z ismidan esa «algoritm» so‘zi kelib chiqqan.

«Kitob surat al-arz» («Yerning surati haqida kitob») asarida dunyo okeanlari, qit’alar, cho‘llar, tog‘lar, daryo va ko‘llar, o‘sha paytda ma’lum bo‘lgan shaharlarning geografik koordinatalari keltirilgan. Bu asar arab tilidagi ilk ilmiy geografik asarlardan biridir.

Xorazmiyning hisob usullari yer o‘lchash, kanal qazish va suvni taqsimlash kabi amaliy ishlar uchun yaratilgan edi — u ilmni odamlar hayoti va tabiatdan foydalanish bilan bog‘lagan.

Surat: Madriddagi al-Xorazmiy haykali, Zarateman, CC0 — Wikimedia Commons

Ahmad al-Farg‘oniy

Ahmad al-Farg‘oniy

Astronom, matematik, muhandis taxminan 797–865
Batafsil

Farg‘ona vodiysida tug‘ilgan astronom va matematik, Bag‘doddagi «Bayt ul-hikma» olimlaridan biri. Yevropada Alfraganus nomi bilan mashhur; Oydagi kraterlardan biri uning nomi bilan atalgan.

«Samoviy harakatlar va yulduzlar ilmining majmui haqida kitob» («Astronomiya asoslari») asari XII asrda lotin tiliga tarjima qilinib, Yevropa universitetlarida bir necha asr davomida astronomiyadan asosiy qo‘llanma bo‘lib xizmat qilgan. U Yer sharsimon ekanini tushuntirgan va Yer o‘lchamlari haqida ma’lumot keltirgan.

Manbalarga ko‘ra, 861-yilda xalifa al-Mutavakkil topshirig‘i bilan Qohira yaqinidagi Ravza orolida Nil suvining sathini o‘lchaydigan inshoot — Nilomer al-Farg‘oniy rahbarligida qurilgan. Uch yer osti kanali orqali Nil bilan tutashgan quduq markazidagi marmar ustunga belgilar tushirilgan bo‘lib, ular yordamida daryo toshqini balandligi aniqlangan. Toshqin darajasiga qarab dehqonchilik hosili va soliqlar oldindan hisoblangan — bu suv resurslarini ilmiy kuzatish va boshqarishning qadimiy namunasidir.

Surat: Farg‘onadagi Ahmad al-Farg‘oniy haykali, CC0 — Wikimedia Commons

Abu Nasr Forobiy

Abu Nasr Forobiy

Faylasuf, qomusiy olim taxminan 873–950
«Har bir inson o‘z tabiatiga ko‘ra shunday yaratilganki, u yashash va eng yuksak kamolotga erishish uchun ko‘p narsalarga muhtoj bo‘ladi; ularning hammasiga yolg‘iz o‘zi erisha olmaydi, buning uchun kishilar jamoasi kerak.»— «Fozil odamlar shahri»
«Fozil shahar barcha a’zolari hayotni kamolga yetkazish va uni saqlash uchun bir-biriga yordam beradigan mukammal va sog‘lom tanaga o‘xshaydi.»— «Fozil odamlar shahri»
Batafsil

Sirdaryo bo‘yidagi Forob (O‘tror) shahrida tug‘ilgan. Aristoteldan keyin «Muallimi soniy» — «Ikkinchi muallim» deb ulug‘langan. Nemis olimi K. Brokkelman ro‘yxatida uning turli sohalarga oid 180 dan ortiq asari nomi keltirilgan.

Tabiatshunoslikka oid asarlarida odam va hayvon a’zolarining tuzilishi va vazifalarini o‘rgangan, kasalliklar ko‘pincha ovqatlanish tartibi buzilishidan kelib chiqishini ta’kidlagan. U tabiat yaratgan narsalarni inson qo‘li bilan yaratilgan sun’iy narsalardan ajratgan va insonning tabiatga ta’siri katta ekanini qayd etgan.

«Fozil odamlar shahri» asarida baxtli jamiyat kishilarning hamjihatligi va o‘zaro yordamiga asoslanishini yozgan.

Abu Rayhon Beruniy

Abu Rayhon Beruniy

Qomusiy olim 973–1048
«Ekin va nasl qoldirish bilan dunyo to‘lib boraveradi. Garchi dunyo cheklangan bo‘lsa-da, kunlar o‘tishi bilan bu ikki o‘sish natijasida ko‘payish cheklanmaydi. Bordi-yu yer yuzini bir xil daraxt yoki bir xil hayvon butunlay qoplab olsa, hayvonning ko‘payishiga ham, daraxtning o‘sishiga ham o‘rin qolmaydi. Shu sababdan dehqonlar ekinlarni o‘toq qilib, keraksizini yulib tashlaydilar.»— «Hindiston»
«Agar Hindiston tuprog‘ini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib, uning tabiati haqida o‘ylasangiz, Hindiston qachonlardir dengiz bo‘lgan va u asta-sekin daryolar keltirgan loyqa bilan to‘lgan, degan fikrga kelmay iloji yo‘q.»— «Hindiston»
Batafsil

Xorazmning Kat shahrida tug‘ilgan. Astronomiya, matematika, geografiya, geodeziya, mineralogiya, farmakologiya va tarixga oid 150 dan ortiq asar yozgan; Yer radiusini hisoblab chiqqan olimlardan biri.

«Hindiston», «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar», «Mineralogiya» va «Saydana» asarlarida o‘simlik va hayvonlarning tuzilishi, tarqalishi, fasllar almashinuvi bilan bog‘liq xulq-atvori hamda xo‘jalikdagi ahamiyati haqida ma’lumot bergan. «Saydana»da 1116 xil dori vositasi — 750 ga yaqini o‘simliklardan, 101 tasi hayvonlardan, 107 tasi minerallardan olinishi — tasvirlangan.

Beruniy tirik mavjudotlar ko‘payishga intilishi, lekin yashash imkoniyatlari cheklangani haqida yozgan; yer yuzi o‘zgarishini o‘simlik va hayvonot dunyosining o‘zgarishi bilan bog‘lagan. Qum orasidan chig‘anoq topilishini u bu yer qachonlardir dengiz tubi bo‘lgani bilan izohlagan.

Abu Ali ibn Sino

Abu Ali ibn Sino

Tabib, faylasuf, qomusiy olim 980–1037
«Tib — inson tanasining sog‘lik va sog‘lik bo‘lmagan holatlarini, sog‘liq qanday yo‘qolishi va yo‘qolganda qanday tiklanishini o‘rganadigan ilmdir.»— «Tib qonunlari», I kitob
«Tog‘lar ikki xil sababdan paydo bo‘lishi mumkin: yo kuchli zilzila paytida yer qobig‘ining ko‘tarilishidan, yoki o‘ziga yangi yo‘l ochgan suv vodiylarni yuvib ketishidan.»— «Kitob ash-shifo»
Batafsil

Buxoro yaqinidagi Afshona qishlog‘ida tug‘ilgan. 450 ga yaqin asar yozgan, ulardan 240 tasi bizgacha yetib kelgan. Yevropada Avitsenna nomi bilan mashhur.

Besh kitobdan iborat «Tib qonunlari» Sharq va G‘arbda asrlar davomida tibbiyotning asosiy darsligi bo‘lgan. Unda dorivor o‘simliklar, ularning qayerda o‘sishi va xossalari, havo, suv, ovqatlanish va turmush tarzining salomatlikka ta’siri batafsil yoritilgan.

«Kitob ash-shifo»da tog‘larning paydo bo‘lishi, yer yuzining davrlar o‘tishi bilan o‘zgarishi, zilzilalar va boshqa tabiiy jarayonlar haqida fikr yuritgan; bu qarashlar geologiya ilmining rivojiga hissa qo‘shgan.

Alisher Navoiy

Alisher Navoiy

Shoir, mutafakkir, davlat arbobi 1441–1501
«Dehqonki, dona sochar, yerni yormoq bila rizq yo‘lin ochar. … Olam ma’murlig‘i alardin, olam ahli masrurlig‘i alardin.»— «Mahbub ul-qulub», 31-fasl «Dehqonlik zikrida»
«Sochqon dona ko‘karguncha, o‘rub xirmon qilib, mahsulin ko‘targuncha qurtu qush andin bahramand va dasht vahshi aning bila xursand.»— «Mahbub ul-qulub», 31-fasl «Dehqonlik zikrida»
«Yaxshiliq tuxmin sochg‘ilkim, budur dehqong‘a so‘z: Harnekim, ekting bugun, borin hamon tut oni ko‘z.»— «Mahbub ul-qulub», uchinchi qism
Batafsil

Hirotda tug‘ilgan buyuk shoir va mutafakkir, o‘zbek adabiy tilining asoschisi. Temuriy hukmdor Husayn Boyqaro saroyida yuqori lavozimlarda xizmat qilgan.

«Xamsa», «Xazoyin ul-maoniy», «Muhokamat ul-lug‘atayn» kabi asarlar muallifi. Umrining oxirida yozilgan «Mahbub ul-qulub» (1500) asarida jamiyatdagi turli toifalar — hukmdorlardan tortib dehqonlargacha — haqida fikr yuritgan.

Asarning «Dehqonlik zikrida» faslida Navoiy dehqon mehnatini olamning obodligi manbai deb ulug‘laydi va dehqon sochgan donadan nafaqat odamlar, balki qurt-qushlar va dashtdagi yovvoyi hayvonlar ham bahramand bo‘lishini yozadi — bu inson mehnati va tabiat o‘rtasidagi bog‘liqlikning go‘zal ifodasidir. Navoiy o‘z mablag‘i hisobidan madrasa, shifoxona, rabot va ko‘priklar qurdirgan.

Surat: Mahmud Muzahhibga nisbat beriladigan miniatyura (XVI asr), jamoat mulki — Wikimedia Commons

Zahiriddin Muhammad Bobur

Zahiriddin Muhammad Bobur

Shoir, davlat arbobi, tabiatshunos 1483–1530
«Farg‘ona viloyati beshinchi iqlimdandur. Ma’muraning kanorasida voqe’ bo‘lubtur.»— «Boburnoma»
«Rub’i maskunda Samarqandcha latif shahr kamroqdur.»— «Boburnoma»
Batafsil

Andijonda tug‘ilgan shoir, tarixchi va davlat arbobi, Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solgan. Bog‘ barpo etishni juda qadrlagan: Kobul va Hindistonda bir qancha bog‘lar yaratgan.

«Boburnoma» — o‘zbek adabiyotining nodir yodgorligi. Unda Bobur o‘zi ko‘rgan o‘lkalar — Farg‘ona, Samarqand, Kobul va Hindistonning geografik o‘rni, iqlimi, daryolari, o‘simlik va hayvonot dunyosini aniq tasvirlagan, Hindiston hayvonlari va mevalarini Andijon bilan taqqoslagan.

Asarda yer, suv va havoga oid xalq so‘zlari ko‘p uchraydi. «Boburnoma» bugun ham tarixiy geografiya va tabiatshunoslik uchun muhim manba hisoblanadi.

Yangi davr

Yan Amos Komenskiy

Yan Amos Komenskiy

Pedagog, faylasuf 1592–1670
«Inson tarbiyani tabiatdan oladi.»
«Ta’limning aniq tartibini tabiatdan olmoq kerak.»— «Buyuk didaktika», XIV bob
«Hamma narsa o‘z-o‘zidan oqsin, zo‘rlik bo‘lmasin.»— «Olam tasvirlarda» shiori
Batafsil

Chexiyalik pedagog, zamonaviy didaktikaning asoschisi. Hayotini bolalarni o‘qitish va tarbiyalashga bag‘ishlagan; «Buyuk didaktika», «Onalar maktabi», «Olam tasvirlarda» kabi asarlar muallifi. «Olam tasvirlarda» — dunyodagi birinchi rasmli darslik.

Komenskiyning asosiy g‘oyasi — ta’limning tabiatga muvofiqligi: bola tabiatdan o‘rganadi, o‘qitish tartibi ham tabiat qonuniyatlariga o‘xshash bo‘lishi kerak. U maktab bosqichlarini yil fasllariga qiyoslagan: «Onalar maktabi» — gullagan bahor, «Ona tili maktabi» — yoz, «Gimnaziya» — hosil yig‘iladigan kuz, «Akademiya» esa yig‘ilgan hosilni umr bo‘yi sarflashga o‘xshaydi.

«Onalar maktabi»da olti yoshli bola suv, yer, havo, olov, yomg‘ir, qor, tosh, daraxt, qush, baliq, osmon, quyosh, oy va yulduzlar, o‘zi yashaydigan joydagi tog‘, vodiy, dala va daryo haqida tasavvurga ega bo‘lishi kerakligini yozgan.

Jan-Jak Russo

Jan-Jak Russo

Faylasuf, yozuvchi, pedagog 1712–1778
«Tabiat — buyuk ustoz.»
«Yaratuvchining qo‘lidan chiqqan hamma narsa yaxshidir; inson qo‘lida hamma narsa buziladi.»— «Emil yoki tarbiya haqida», I kitob
«Tabiatni kuzating va u sizga ko‘rsatgan yo‘ldan boring.»— «Emil yoki tarbiya haqida», I kitob
Batafsil

Jenevada tug‘ilgan fransuz faylasufi va yozuvchisi, ma’rifatparvarlik davrining yirik vakili.

«Emil yoki tarbiya haqida» (1762) romanida tabiiy tarbiya g‘oyasini ilgari surgan: bola tabiat qo‘ynida, o‘z kuzatishi va tajribasi orqali o‘rganishi, tarbiyachi esa bolaning yoshi va tabiiy rivojlanishiga ergashishi kerak.

Russoning g‘oyalari keyingi pedagoglarga — Pestalotsi, Frebel va boshqalarga katta ta’sir ko‘rsatgan, tabiat bilan uyg‘un tarbiya tamoyilining asosiga aylangan.

Aleksandr fon Gumboldt

Aleksandr fon Gumboldt

Tabiatshunos, geograf, sayyoh 1769–1859
«Hamma narsa o‘zaro ta’sirda.»— Kundalik yozuvlari, 1803-yil
«Aql bilan qaralgan tabiat — hodisalar xilma-xilligidagi birlik, shakli va xossalari turlicha bo‘lgan barcha mavjudotlarni birlashtiruvchi uyg‘unlik, hayot nafasi bilan jonlangan yagona buyuk butunlikdir.»— «Kosmos», I jild
Batafsil

Nemis tabiatshunosi va sayyohi. 1799–1804-yillarda fransuz botanigi Eme Bonplan bilan Janubiy va Markaziy Amerika bo‘ylab sayohat qilgan, Chimboraso vulqoniga ko‘tarilib, balandlik ortishi bilan o‘simliklar zonalari almashishini tasvirlagan.

Gumboldt tabiatni o‘zaro bog‘langan yagona tizim sifatida ko‘rgan birinchi olimlardan biri. U Venesueladagi Valensiya ko‘li atrofida o‘rmonlar kesilishi tuproq va suv rejimini buzishini kuzatib, inson faoliyati iqlim va tabiatni o‘zgartirishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Besh jildlik «Kosmos» asarida koinot va Yer haqidagi bilimlarni umumlashtirgan. 1829-yilda Ural va Sibir bo‘ylab ham ekspeditsiya qilgan.

Surat: Joseph Karl Stieler (1843), jamoat mulki — Wikimedia Commons

Charlz Darvin

Charlz Darvin

Tabiatshunos, biolog 1809–1882
«Hayotga bunday qarashda ulug‘vorlik bor: oddiy boshlanishdan eng go‘zal va eng ajoyib cheksiz shakllar paydo bo‘lgan va hozir ham paydo bo‘lmoqda.»— «Turlarning kelib chiqishi», 1859, xotima
«Barcha tirik mavjudotlarning bir-biriga va hayotning tabiiy sharoitlariga bo‘lgan o‘zaro munosabatlari naqadar cheksiz murakkab va zich bog‘langanini yodda tutish kerak.»— «Turlarning kelib chiqishi», IV bob
Batafsil

Ingliz tabiatshunosi, evolyutsiya nazariyasining asoschisi. 1831–1836-yillarda «Bigl» kemasida dunyo bo‘ylab sayohat qilgan, Galapagos orollarida qushlar, toshbaqalar va o‘simliklarni kuzatgan.

1859-yilda nashr etilgan «Turlarning tabiiy tanlanish yo‘li bilan kelib chiqishi» asarida turlar o‘zgarmas emasligini, ular yashash uchun kurash va tabiiy tanlanish natijasida uzoq vaqt davomida o‘zgarib borishini isbotlagan.

Darvin tirik organizmlarning bir-biri va muhit bilan murakkab bog‘liqligini ko‘plab misollar bilan ko‘rsatgan — bu g‘oyalar ekologiya fanining poydevoriga aylangan.

Surat: Henry Maull va John Polyblank, jamoat mulki — Wikimedia Commons

Genri Devid Toro

Genri Devid Toro

Yozuvchi, faylasuf, tabiatshunos 1817–1862
«Yovvoyilikda — dunyoning najoti.»— «Sayr», 1862
«Osmon faqat boshimiz ustida emas, oyoqlarimiz ostida ham.»— «Uolden yoki o‘rmondagi hayot», 1854
Batafsil

Amerikalik yozuvchi va faylasuf. 1845–1847-yillarda Massachusets shtatidagi Uolden ko‘li bo‘yida o‘zi qurgan kichik kulbada yashab, oddiy hayot va tabiatni kuzatishga oid tajriba o‘tkazgan.

Bu tajriba asosida «Uolden yoki o‘rmondagi hayot» (1854) kitobini yozgan. Kitobda fasllar almashinuvi, o‘simlik va hayvonlar, ko‘l hayoti batafsil tasvirlangan; u iste’molni kamaytirib, tabiat bilan uyg‘un yashashga chaqiradi.

Toroning kundaliklaridagi o‘simliklarning gullash muddatlari haqidagi yozuvlaridan bugungi olimlar iqlim o‘zgarishini o‘rganishda foydalanmoqda.

Surat: Benjamin D. Maxham, jamoat mulki — Wikimedia Commons

Konstantin Ushinskiy

Konstantin Ushinskiy

Pedagog 1823–1871
«Tabiat mantig‘i — bolalar uchun eng tushunarli va eng foydali mantiqdir.»— «Ona tili», 1864
«Tarbiya, agar insonga baxt tilasa, uni baxt uchun emas, balki hayot mehnatiga tayyorlashi kerak.»— «Mehnat va uning ruhiy va tarbiyaviy ahamiyati», 1860
Batafsil

Rus pedagogi, ilmiy pedagogikaning asoschilaridan biri. Ona tilida o‘qitish, xalq maktabi va o‘qituvchilar tayyorlash masalalari bilan shug‘ullangan.

«Bolalar olami» (1861) va «Ona tili» (1864) kitoblarida bolalarni tabiat bilan tanishtirishga katta o‘rin bergan: fasllar, o‘simliklar, hayvonlar haqidagi hikoya va topshiriqlar orqali kuzatuvchanlik va mantiqiy fikrlashni rivojlantirgan.

«Inson tarbiya predmeti sifatida» asarida tarbiya bolaning tabiati va psixologiyasini bilishga asoslanishi kerakligini yozgan. U tabiatni bola tarbiyasidagi eng qudratli omillardan biri deb hisoblagan.

Jon Myur

Jon Myur

Tabiatshunos, yozuvchi 1838–1914
«Biror narsani yolg‘iz o‘zini ajratib olmoqchi bo‘lsak, uning Olamdagi boshqa hamma narsaga bog‘langanini ko‘ramiz.»— «Syerra-Nevadadagi birinchi yozim», 1911
«Tabiat qo‘ynidagi har bir sayrda inson izlaganidan ancha ko‘proq narsa oladi.»— «Tik so‘qmoqlar», 1918
Batafsil

Shotlandiyada tug‘ilib, AQShda yashagan tabiatshunos va yozuvchi. Syerra-Nevada tog‘lari, muzliklar va o‘rmonlarni yillar davomida piyoda kezib o‘rgangan.

Uning maqola va kitoblari tufayli 1890-yilda Yosemit milliy bog‘i tashkil etilgan. 1892-yilda tabiatni muhofaza qiluvchi «Syerra klubi» jamiyatiga asos solgan. Myurni «milliy bog‘larning otasi» deb atashadi.

Myur yovvoyi tabiatni faqat foydali resurs sifatida emas, balki o‘z qadriga ega bo‘lgan boylik sifatida asrashga chaqirgan.

Surat: Carlton E. Watkins, jamoat mulki — Wikimedia Commons

XX–XXI asrlar

Vladimir Vernadskiy

Vladimir Vernadskiy

Mineralog, geokimyogar, tabiatshunos 1863–1945
«Insoniyat endi o‘z tarixini o‘z-o‘zidan qura olmaydi. Uni insonning ajralmas qismi bo‘lgan biosfera qonunlari bilan muvofiqlashtirishi kerak. Yer yuzidagi insoniyat va uni o‘rab turgan tirik va notirik tabiat umumiy qonunlarga muvofiq yashaydigan yagona tizimni tashkil qiladi.»
«Inson o‘zini tabiatdan ajratib, uning qonunlariga e’tibor bermasdan juda katta xatoga yo‘l qo‘ydi.»
Batafsil

Rus va ukrain olimi, biogeokimyo fanining asoschisi, Ukraina Fanlar akademiyasining birinchi prezidenti (1918).

«Biosfera» (1926) asarida tirik organizmlar Yer qobig‘idagi moddalar aylanishini o‘zgartiruvchi ulkan geologik kuch ekanini ko‘rsatgan. Tirik moddalar, havo, suv va tog‘ jinslari birgalikda yagona tizim — biosferani tashkil etishini asoslagan.

Keyinchalik u «noosfera» — inson aql-idroki va faoliyati biosfera rivojini belgilaydigan bosqich haqidagi ta’limotni rivojlantirgan. Bu g‘oyalar hozirgi ekologiya va barqaror rivojlanish tushunchalarining asosida yotadi.

Abdulla Avloniy

Abdulla Avloniy

Ma’rifatparvar, pedagog, shoir 1878–1934
«Tarbiya bizlar uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidur.»— «Turkiy Guliston yoxud axloq», 1913, «Tarbiyaning zamoni»
«Badanning salomat va quvvatli bo‘lmog‘i insonga eng kerakli narsadur. Chunki o‘qumoq, o‘qutmoq, o‘rganmoq va o‘rgatmoq uchun insonga kuchlik, kasalsiz jasad lozimdur.»— «Turkiy Guliston yoxud axloq», 1913, «Badan tarbiyasi»
Batafsil

Toshkentda tug‘ilgan jadid ma’rifatparvari, shoir, dramaturg va pedagog. 1904-yilda Toshkentda yangi usul maktabini ochgan, o‘quvchilar uchun «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim» darsliklarini yozgan.

1913-yilda nashr etilgan «Turkiy Guliston yoxud axloq» asarida tarbiyani badan, fikr va axloq tarbiyasiga ajratadi. «Badan tarbiyasi» bo‘limida sog‘lom tana o‘qish va o‘rganishning asosi ekanini, gigiyena (hifzi sihhat) qoidalarini bilish va zararli odatlardan saqlanish zarurligini yozgan.

Avloniyning tarbiya haqidagi so‘zlari bugun ham O‘zbekiston maktablarida eng ko‘p keltiriladigan iqtiboslardandir.

Surat: O‘zbekiston pochta markasi (2025), jamoat mulki — Wikimedia Commons

Oldo Leopold

Oldo Leopold

Ekolog, o‘rmonchi, yozuvchi 1887–1948
«Biror narsa biotik jamoaning yaxlitligi, barqarorligi va go‘zalligini saqlashga xizmat qilsa, u to‘g‘ri; aks holda noto‘g‘ri.»— «Qumli okrug almanaxi», 1949
«Biz yerni o‘zimizga tegishli tovar deb bilganimiz uchun uni suiiste’mol qilamiz. Yerni o‘zimiz mansub bo‘lgan jamoa deb bilganimizda, undan mehr va hurmat bilan foydalana boshlaymiz.»— «Qumli okrug almanaxi», so‘zboshi
Batafsil

Amerikalik ekolog va o‘rmonshunos, yovvoyi hayvonlarni boshqarish fanining asoschisi. Uning tashabbusi bilan 1924-yilda AQShda birinchi rasmiy qo‘riqlanadigan yovvoyi hudud — Gila tashkil etilgan.

Vafotidan keyin nashr etilgan «Qumli okrug almanaxi» (1949) kitobida «yer axloqi» g‘oyasini ilgari surgan: inson o‘zini tuproq, suv, o‘simlik va hayvonlardan iborat jamoaning bir a’zosi deb bilishi, uni zabt etuvchi emas, balki oddiy fuqarosi bo‘lishi kerak.

Leopoldning g‘oyalari tabiatni muhofaza qilish va ekologik ta’limning axloqiy asosiga aylangan.

Surat: Howard Zahniser, jamoat mulki — Wikimedia Commons

Reychel Karson

Reychel Karson

Dengiz biologi, yozuvchi 1907–1964
«Tabiatda hech narsa yolg‘iz mavjud emas.»— «Sokin bahor», 1962
«Atrofimizdagi olamning mo‘jiza va haqiqatlariga e’tiborimizni qanchalik aniq qaratsak, vayronagarchilikka moyilligimiz shunchalik kamayadi.»— 1954-yilgi nutqidan
Batafsil

Amerikalik dengiz biologi va yozuvchi, AQSh Baliq va yovvoyi tabiat xizmatida ishlagan. Okean haqidagi kitoblari bilan mashhur bo‘lgan.

1962-yilda nashr etilgan «Sokin bahor» kitobida DDT va boshqa pestitsidlarning qushlar, baliqlar va inson salomatligiga zararini ko‘plab dalillar bilan ko‘rsatgan. Kitob butun dunyoda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan.

«Sokin bahor» zamonaviy ekologik harakatning boshlanishi deb hisoblanadi: uning ta’sirida AQShda 1970-yilda Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi tuzilgan, 1972-yilda esa DDTdan qishloq xo‘jaligida foydalanish taqiqlangan.

Surat: AQSh Baliq va yovvoyi tabiat xizmati, jamoat mulki — Wikimedia Commons

Barri Kommoner

Barri Kommoner

Biolog, ekolog 1917–2012
«Hamma narsa hamma narsa bilan bog‘liq.»— «Yopiq doira», 1971 — ekologiyaning birinchi qonuni
«Hamma narsa qayergadir ketishi kerak.»— «Yopiq doira», 1971 — ekologiyaning ikkinchi qonuni
«Tabiat yaxshiroq biladi.»— «Yopiq doira», 1971 — ekologiyaning uchinchi qonuni
Batafsil

Amerikalik biolog, zamonaviy ekologik harakat asoschilaridan biri. 1950–1960-yillarda atmosferadagi yadroviy sinovlarga qarshi chiqqan: bolalarning tushgan sut tishlarida radioaktiv stronsiy-90 to‘planishini o‘rgangan tadqiqot uning tashabbusi bilan o‘tkazilgan.

«Yopiq doira» (1971) kitobida ekologiyaning to‘rt qonunini sodda qilib ifodalagan: hamma narsa hamma narsa bilan bog‘liq; hamma narsa qayergadir ketishi kerak; tabiat yaxshiroq biladi; tekinga hech narsa bo‘lmaydi.

Bu «qonunlar» bugun ham ekologik ta’limda tabiatdagi bog‘liqliklarni tushuntirishning eng oson yo‘li sifatida qo‘llaniladi.

Surat: Bernard Gotfryd, jamoat mulki — Wikimedia Commons

Chingiz Aytmatov

Chingiz Aytmatov

Yozuvchi 1928–2008
«Tabiatni qanday qilib asrash, urushlardan, texnikaviy taraqqiyot keltirib chiqaradigan kulfatlardan himoyalanish to‘g‘risida bosh qotirishdan avval ma’naviy ma’noda inson qanday qilib inson bo‘lib qolajagini, nafaqat aql-idrokli mavjudot shaklida emas, balki his qiladigan, vijdonli inson qanday bo‘lishi kerakligini bilmoq kerak.»
«Manqurt o‘zining kim ekanini, qaysi urug‘-aymoqdan ekanini, ismini, bolalik kezlarini, ota-onasining kimligini butunlay yoddan chiqargan bo‘lib, o‘zining odamligini ham unutib yuboradi.»— «Asrga tatigulik kun», A. Rashidov tarjimasi, Toshkent, 2018
Batafsil

Qirg‘izistonning Shekar qishlog‘ida tug‘ilgan qirg‘iz va rus yozuvchisi. Asarlari 150 dan ortiq tilga, jumladan o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan.

«Oq kema» (1970), «Asrga tatigulik kun» (1980) va «Qiyomat» (1986) asarlarida inson va tabiat munosabati, xotira va vijdon masalalari markaziy o‘rinni egallaydi. «Asrga tatigulik kun»dagi o‘z o‘tmishini unutgan «manqurt» obrazi xalq xotirasi va ildizlarini unutmaslikka chaqiradi.

«Qiyomat» romanida Mo‘yinqum cho‘lidagi sayg‘oqlarning ayovsiz qirilishi va bo‘rilar oilasi fojiasi orqali tabiatga shafqatsiz munosabat oqibatlarini ko‘rsatgan.

Anatoliy Zaxlebniy

Anatoliy Zaxlebniy

Pedagog, ekologik ta’lim nazariyotchisi 1939-yilda tug‘ilgan
Batafsil

Pedagogika fanlari doktori, professor, Rossiya ta’lim akademiyasining muxbir a’zosi. 150 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi; ularning barchasi ekologik ta’limning turli jihatlariga bag‘ishlangan.

«O‘rta maktabda ekologik ta’lim mazmuni» (1986) mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasida umumta’lim maktabida ekologik ta’lim tizimining psixologik-pedagogik asoslari — maqsadlari, vazifalari, tamoyillari va mazmuni asoslab berilgan.

Monografiyalar, ekologiya bo‘yicha yangi o‘quv kurslari va modullari dasturlari, o‘quvchilar uchun darsliklar, o‘qituvchilar va maktab rahbarlari uchun uslubiy qo‘llanmalar muallifi. Uning nazariy qoidalari maktab amaliyotida va pedagog kadrlarni tayyorlash tizimida qo‘llanilmoqda.

Gru Harlem Brundtlann

Gru Harlem Brundtlann

Davlat arbobi, shifokor 1939-yilda tug‘ilgan
«Barqaror rivojlanish — kelajak avlodlarning o‘z ehtiyojlarini qondirish imkoniyatiga zarar yetkazmagan holda bugungi ehtiyojlarni qondiradigan rivojlanishdir.»— «Umumiy kelajagimiz», 1987
«Atrof-muhit — hammamiz yashaydigan joy; rivojlanish esa shu makonda hayotimizni yaxshilash uchun qiladigan ishlarimiz. Bu ikkisini bir-biridan ajratib bo‘lmaydi.»— «Umumiy kelajagimiz», so‘zboshi
Batafsil

Norvegiyalik shifokor va siyosatchi, Norvegiyaning birinchi ayol bosh vaziri (1981, 1986–1989, 1990–1996). 1998–2003-yillarda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Bosh direktori bo‘lgan.

BMTning Atrof-muhit va rivojlanish bo‘yicha xalqaro komissiyasini boshqargan. Komissiyaning 1987-yildagi «Umumiy kelajagimiz» ma’ruzasi («Brundtlann ma’ruzasi») barqaror rivojlanish tushunchasini butun dunyoga tanitgan.

Bu ma’ruza 1992-yilgi Rio-de-Janeyro «Yer sammiti» va keyingi xalqaro ekologik kelishuvlarga asos bo‘lgan.

Surat: Christophe Licoppe, CC BY 4.0 — Wikimedia Commons

Asqar Nig‘matov

Asqar Nig‘matov

Geograf, tuproqshunos-ekolog 1954-yilda tug‘ilgan
Batafsil

1954-yil 26-sentabrda Toshkentda tug‘ilgan. Geografiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi (2002).

Toshkent davlat universitetining geografiya fakultetini tamomlab (1976), O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Tuproqshunoslik va agrokimyo institutida tuproq eroziyasini o‘rgangan va shu yerda tashkil etilgan Tuproq eroziyasi va texnogen buzilishi bo‘limini boshqargan. 1993-yilda «O‘zbekiston yerlarining jarlanishi va texnogen buzilishi: ularni melioratsiya va rekultivatsiya qilishning geografik jihatlari» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib yerlar degradatsiyasi va ekologiya huquqi masalalari bilan shug‘ullangan. Toshkent davlat yuridik instituti, O‘zbekiston milliy universiteti (Ekologiya kafedrasi mudiri, prorektor) va boshqa oliy ta’lim muassasalarida dars bergan. 700 dan ortiq ilmiy, o‘quv va ommabop ishlar, jumladan monografiyalar, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar («Ekologiya huquqi», «Ekoturizm asoslari» va boshqalar) muallifi.

Nilufar Isakulova

Pedagog, ekologik tarbiya tadqiqotchisi 1979-yilda tug‘ilgan
Batafsil

1979-yil 8-aprelda Farg‘onada tug‘ilgan. Pedagogika fanlari doktori (2012), professor (2019). 2016-yildan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori.

Faoliyatini maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida boshlagan. Nomzodlik dissertatsiyasi (2006) boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida ekologik tarbiyaga oid tushunchalarni shakllantirishga, doktorlik dissertatsiyasi (2012) esa uzluksiz ta’lim jarayonida o‘quvchilarga fanlararo ekologik tarbiyaga oid tushunchalarni berish nazariyasi va amaliyotiga bag‘ishlangan.

3 ta darslik, 5 ta monografiya, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar hamda 50 dan ortiq ilmiy maqola muallifi.