← Burchoqdoshlar
Aleksey astragali
Burchoqdoshlar
Yangi

Aleksey astragali

Maqomi 0 — Yo‘qolgan

Astragalus alexeji Gontsch.

Maqomi: 0. Janubi-g‘arbiy Hisor tizmasining endemik o‘simligi.

Qisqacha tavsifi: Poyasiz, ko‘p yillik o‘t, balandligi 20 sm. Barglarining uzunligi 18–30 sm, bargchalari 16–20 juft, yumaloq, chetlari o‘yilgan, paxmoq tukli. Gulbandi 4–5 sm uzunlikda, gulpopugining uzunligi 4–5 sm, 3–5 guldan iborat. Kosachasi naychasimon, uzunligi 12–13 mm, paxmoq tukli. Bayroqchasi sariq, keyinroq qizil tusga kiradi, uzunligi 25 mm, qanotchasi (eshkagi) 23 mm uzunlikda, qayiqchasi 21 mm uzunlikda. Dukkagi tekis, sal pastga qarab egilgan, bandi 4–5 mm uzunlikda, nishlari bor, uzunligi 17–20 mm, eni 5–6 mm, tumshuqchasi 2–3 mm uzunlikda, po‘sti qalin, paxmoq tukli.

Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Kelif-Sheroboddagi qator tepaliklarda (Toshqoq darasida) tarqalgan.

O‘sish sharoiti: Kulrang, bo‘z tuproqlarda o‘sadi.

Soni: Gerbariy materiallari yo‘q, hatto namunaviy nusxasi ham yo‘qolgan. Uni topish uchun olib borilgan tadqiqotlar natija bermagan. Bu tur butunlay yo‘qolib ketgan bo‘lishi mumkin.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘paygan bo‘lishi mumkin.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Muhofaza qilinmagan. Manbalar. [32, 159, 310]. A. S. Esonqulov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009