Cousinia platystegia Tscherneva
Maqomi: 2. O‘zbekistonning janubidagi juda kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 25 sm gacha yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyalari ko‘p, tik, chalkash tukli, yuqori qismidan shoxlanuvchi, qisqa shoxlarning uchida savatchalari 2–3 tadan bo‘lib, zich joylash gan. Yopirma barglari keng bandli, poyadagi barglari bandsiz, cho‘ziq yoki nashtarsimon, chetlari tishsimon tikanli, yuqori tomoni ingichka chalkash tukli, pastki tomoni oqish qalin tukli. Savatchalari silindrsimon. Gultoji sariq, o‘rama barglaridan qisqa. Iyun–iyul oylarida gullab, mevasi iyulda yetiladi.
Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Hisor tizmasining g‘arbiy tarmoqlari, Ko‘hitangning janubiy tog‘ etaklari, Sherobod vodiysida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Qoldiq tog‘lardagi ola jinslarda o‘sadi.
Soni: Tabiatda juda kam uchraydi.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Alohida muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [321, 324, 325, 327]. F. O‘. Hasanov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009