Anura pallidivirens (Kult.) Tscherneva
Maqomi: 2. Nurota tog‘laridagi kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 40–50 sm ga yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyasi chalkash tuklar bilan qoplangan, jo‘yakli, asosidan shoxlangan. Barglari charmsimon, ustki tomoni tuksiz, pastki tomoni qalin oq tuklar bilan qoplangan. Ildizoldi barglari bandli, tuxumsimon, chetlari tekis yoki mayda tikan tishli. Poyadagi barglari pastdan yuqoriga qarab maydalashib boradi, bandsiz yoki poyani qamrab turadi, pastki qismining ikki tomoni yirik tikan tishli yoki tekis. Savatchasi ko‘p, qisqa bandli, mayda. Gullari ko‘p, oq. Urug‘i mayda, cho‘ziqoval shaklda. Iyun–iyul oyida gullab, mevasi iyul–avgustda yetiladi.
Tarqalishi: Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlari: Nurota, Qo‘ytosh, Oqtog‘, va Molguzar tizmalari (Temur darvozasi atrofi)da tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘ning pastki va o‘rta qismida, tosh shag‘alli, baʼzan mayda jins tuproqli yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: Yakka-yakka holda, baʼzan kichik to‘plar hosil qilib tarqalgan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollari uchun yaxshi ozuqa bo‘lganligi tufayli urug‘idan ko‘payishi ancha chegaralangan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumot yo‘q.
Muhofaza choralari: Nurota qo‘riqxonasida qo‘riqlanadi. Manbalar. [18, 156–159, 289, 326].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009