← Qoqio‘tdoshlar (Murakkabguldoshlar)
Zokirov yurineyasi
Qoqio‘tdoshlar (Murakkabguldoshlar)
Yangi

Zokirov yurineyasi

Maqomi 1 — Yo‘qolish arafasida

Jurinea zakirovii Iljin

Maqomi: 1. Nurota tog‘larida tarqalgan juda kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Ildizi yog‘ochlanuvchi, ko‘p boshchali, ko‘p yillik o‘t. Poyalari kam, uzunligi 50 sm, oddiy, tik chiziqli (jo‘yakli), bezchali, yarmidan yuqorisi bargsiz. Barglarining ustki tomoni g‘adir-budir, pastki tomoni qalin bezchali, yo‘g‘on tomirli. Yopirma va poyaning pastki qismidagi barglari qisqa bandli, cho‘ziq, patsimon bo‘lingan yoki patsimon tishli. Poyaning o‘rta va yuqori qismidagi barglari bandsiz, yaprog‘ining pastki qismi poya bo‘ylab (pastga qarab) yopishgan, chetlari tekis. Savatchasi ko‘p gulli. O‘rama bargchalari to‘rt qirrali, sarg‘ish-yashil rangli. Toji pushti rangli, tashqi tomoni bezchali. Urug‘i teskari piramidasimon, tuksiz, silliq. May oyida gullab, mevasi iyulda yetiladi.

Tarqalishi: Jizzax, Navoiy viloyatlari: Nurota va Oqtog‘ tizmalarida tarqalgan.

O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta qismidagi shag‘alli, mayda jins tuproqli yonbag‘irlarda o‘sadi.

Soni: Tabiatda juda kam tarqalgan.

Ko‘payishi: Urug‘idan va bachkisidan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollarining haddan tashqari ko‘p boqilishi tufayli kamayib bormoqda.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Nurota davlat qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Manbalar. [105, 159, 331].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009