← Qoqio‘tdoshlar (Murakkabguldoshlar)

Cousinia pterolepida Kult.

Maqomi: 3. G‘arbiy Tyan-Shanga mansub kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Ildizi yog‘ochlanuvchi, ko‘p boshchali, poyasi ko‘p, bo‘yi 35–45 sm ga yetadigan, chalkash qalin tukli, yakka kallakli ko‘p yillik o‘t. Barglari charmsimon, ustki tomoni kulrang-yashil, chalkash tukli, pastki tomoni oqish qalin tukli. Yopirma barglari va poyaning pastki qismidagi barglarining uzunligi 14–25 sm, eng yuqoridagi barglari tikanli bo‘laklarga ajralgan. Savatchasi silindrsimon, tuksiz. O‘rama bargchalari ko‘p. Toji pushti rangli. Urug‘i teskari tuxumsimon, tuksiz, silliq. Avgust oyida gullab, mevasi avgust–sentyabrda yetiladi.

Tarqalishi: Toshkent viloyati: Ugom tizmasidagi Qurushyo‘l dovonida, Teparsoyda tarqalgan. Qozog‘istonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Tog‘larning yuqori qismida mayda jins tuproqli yonbag‘irlarda o‘sadi.

Soni: Tabiatda kam tarqalgan.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollarining ko‘plab boqilishi sababli kamayib bormoqda.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. O‘sish joylari Ugom- Chotqol milliy tabiat bog‘ida joylashgan. Manbalar. [321, 324, 325, 327]. G‘. M. Shermatov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009