← Burchoqdoshlar
Yirik no‘xat
Burchoqdoshlar
Yangi

Yirik no‘xat

Maqomi 1 — Yo‘qolish arafasida

Cicer grande (Popov) Korotkova

Maqomi: 1. Pomir-Oloydagi kamyob endemik tur.

Qisqacha tavsifi: Balandligi 20–45 sm. Poyasi salgina buralgan, bezchali tuklar bilan qoplangan ko‘p yillik o‘t. Bargining uzunligi 4–7 sm, barg bandining uchi oddiy yoki 3–5 ta gajagi bor. Bargchalari 4–7 juft, cho‘ziqroq-ellips shaklida, uzunligi 10–25 mm, eni 6–12 mm, har ikki tomoni kalta, bezchali tuklar bilan qoplangan, gulpoyasining uzunligi 2,5–3,5 sm, gulbandi 4–6 mm uzunlikda. Kosachasining uzunligi 10 mm, tugunchasi tuklar bilan qoplangan. May oyida gullab, iyun oyida mevalaydi.

Tarqalishi: Jizzax va Surxondaryo viloyatlari: Pomir-Oloyda, Nurota va Ko‘hitang tizmalarida tarqalgan.

O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta qismlaridagi toshli va mayda zarrali tuproqlardan iborat yonbag‘irlarda o‘sadi. Nurota qo‘riqxonasi hududidagi uchta tog‘ darasida tarqalganligi aniqlandi. Umumiy soni bir nechta yuz o‘simlikdan iborat, populyatsiyasi 5–6 gektarga yaqin maydonda tarqalgan.

Soni: Yakka-yakka holda uchraydi, baʼzan uncha katta bo‘lmagan to‘plar hosil qiladi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollarining tartibsiz boqilishi natijasida o‘simlik soni kamayib ketgan.

Madaniylashtirilishi: Bu haqda maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Nurota va Surxon davlat qo‘riqxonalarida muhofaza qilinadi. Manbalar. [151, 154, 181, 184].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009