← Chuchmomadoshlar
Yashil gulli piyoz
Chuchmomadoshlar
Yangi

Yashil gulli piyoz

Maqomi 1 — Yo‘qolish arafasida

Allium viridiflorum Pobed.

Maqomi: 1. Chotqol tizmasidagi g‘oyat kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Piyozboshi 1–2 sm kenglikda, kulrang, yupqa qobiqli (po‘stli). Piyozchalari qisqargan, kam sonli. Poyasining uzunligi 20–23 sm, eni 1,0 mm. Barglari bo‘lingan, 4 ta, ipsimon, zich joylashgan, qalami novsimon bo‘lakli, qisqa poyali. Soyaboni siyrak, gullash davridan so‘ng 7–9 sm kenglikda. Gulbandlari teng, ipsimon, uzunligi 4–5 sm, tubida gulyonbargchalari yo‘q, quyidan yuqoriga bukilgan. Yulduzsimon gulqo‘rg‘on bo‘laklarining uzunligi 4–5 mm, yashil, teng, to‘mtoq, gullagandan keyin buralib qolmaydi. Changchi iplari gulqo‘rg‘ondan kalta, asosidan boshlab bir-biri bilan qo‘shilgan, tishsiz. Ko‘sakcha gulqo‘rg‘ondan ozgina uzunroq, deyarli sharsimon, 3 urug‘li. Urug‘i yumaloq, qora, chuqurchali.

Tarqalishi: 2013 yilda Namangan viloyatidan (Poromon qishlog‘idan 2 km shimol tomonda) topilgan. O‘zbekistondan tashqari, Qirg‘izistonda o‘sadi.

O‘sish sharoiti: Past tog‘oldi hududlardagi yumshoq yonbag‘irlarda o‘sadi.

Soni: 20 tup o‘simlikdan iborat 1 ta populyatsiyasi topilgan.

Ko‘payishi: Urug‘idan va vegetativ yo‘l bilan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva boqilishi sababli qisqarib ketgan.

Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida ekib o‘stirilmoqda.

Muhofaza choralari: Muhofaza qilinmaydi. Manbalar. [58, 362, 364, 371].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009