Allium giganteum Regel
Maqomi: 3. Janubiy Pomir-Oloy va Kopetdog‘dagi kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bosh piyozining eni 3–5 sm, qoramtir, qog‘ozsimon po‘stli. Poyasi 60–130 sm uzunlikda, silliq. Barglari 4–5 ta, silliq. Soyaboni ko‘pgulli, deyarli sharsimon, diametri 5–12 sm. Gulbandlari deyarli teng, gulyonbargchalari yo‘q, uzunligi 3–6 sm. Gulqo‘rg‘on bo‘laklari yulduzsimon, och binafsha rangli, uzunligi 5–6 mm, ovalsimon, to‘mtoqroq, egilmaydigan. Changchi iplari bigizsimon, uzunligi 4–5 mm. Ko‘sagi sharsimon, diametri 5–6 mm.
Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Ko‘hitang tizmasida – Kampirtepa soyining janubiy yonbag‘ri, Hisor tizmasining janubi-g‘arbiy yonbag‘irlari va Bobotog‘ tizmasida tarqalgan. O‘zbekistondan tashqarida Eron, Afg‘oniston, Tojikiston va Turkmanistonda uchraydi.
O‘sish sharoiti: Tog‘larning pastki va o‘rta qismlaridagi toshli yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: 5–8 ta tupdan iborat kichik to‘plar hosil qiladi.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Mol boqilishi va urug‘ining past unuvchanligi tufayli kamayib ketgan.
Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida o‘stirilmoqda.
Muhofaza choralari: Surxon davlat qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Manbalar. [58, 362, 364]. F. O‘. Hasanov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009