← Chuchmomadoshlar
Oloy Piyozi
Chuchmomadoshlar
Yangi

Oloy Piyozi

Maqomi 1 — Yo‘qolish arafasida

Allium alaicum Vved.

Maqomi: 1. Oloy tizmasidagi g‘oyat kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bosh piyozi 1–2 sm kenglikda, qoramtir, qog‘ozsimon qobiqli (po‘stli). Poyasi 30–60 sm uzunlikda, pastki qismi pastga egilgan, tukli. Barglari 2–3 ta, qalaminashtarsimon, eni 10–15 mm, pastga qarab egilgan tuklar bilan qalin qoplangan, poyasidan qisqa. Soyaboni ko‘p gulli, deyarli sharsimon, diametri 30–40 mm. Gul bandlari teng, gulyonbargchalari yo‘q. Yulduzsimon gulqo‘rg‘on bo‘laklari oqish, kirsimon qip-qizil rangli, uzunligi 6 mm, qalami, to‘mtoqroq, keyinroq pastga qarab egiladi. Changchi ipi 6 mm uzunlikda, bigizsimon. Ko‘sagi (qutichasi) sharsimon, diametri 4 mm. Iyunda gullab, mevasi iyulda yetiladi.

Tarqalishi: Yaqinda Andijon viloyati (Imom-ota qishlog‘idan 10 km janub)dan topilgan. O‘zbekistondan tashqari Qirg‘iziston (O‘sh viloyati)da o‘sadi.

O‘sish sharoiti: Qoldiq tog‘larning mayin tuproqli yonbag‘irlarida o‘sadi.

Soni: 50 tup o‘simlikdan iborat 2 ta populyatsiyasi topilgan.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Mol boqilishi sababli qisqarib ketgan.

Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida o‘stirilgan.

Muhofaza choralari: Muhofaza qilinmaydi. Manbalar.[ 58, 362, 364] F. O‘. Hasanov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009