← Chuchmomadoshlar
Fisher shternbergiyasi
Chuchmomadoshlar
Yangi

Fisher shternbergiyasi

Maqomi 3 — Kamyob

Sternbergia fischeriana (Herb.) M. Roem.

Maqomi: 3. O‘zbekistonning janubiy mintaqalariga xos juda kam uchraydigan tur.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 10 sm ga yetadigan ko‘p yillik piyozli o‘simlik. Poyasi yapasqi. Barglari 4–8 ta, tuksiz, qalami. Gullari 8–10 mm uzunlikdagi gulbandda joylashgan. Gulqo‘rg‘onining tashqi bargchalari cho‘ziq. Ko‘sakchasi ochilmaydi. Urug‘i deyarli yumaloq. Mart oyida gullab, mevasi aprelda yetiladi.

Tarqalishi: Qashqadaryo viloyati: Hisor tizmasida Kitob, Shahrisabz shaharlari atroflarida, Oqsuv daryosi havzasida hamda Zarafshon tizmasining g‘arbiy qismida tarqalgan. Sharqiy Kavkazortida va shimoliy Eronda ham tarqalgan.

O‘sish sharoiti: Tog‘ oldi yonbag‘irlaridagi soz tuproqlarda o‘sadi.

Soni: Aniqlanmagan.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Tabiatda bu o‘simlik tarqalgan yerlarning qishloq ho‘jaligi uchun o‘zlashtirilishi va chorva mollarining boqilishi tufayli kamayib bormoqda.

Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida sinab ko‘rilmoqda.

Muhofaza choralari: Kitob davlat qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Tabiatdagi to‘plari ustidan qatʼiy nazorat o‘rnatish va madaniy holda ekib o‘rganish lozim. Manbalar. [79, 159].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009