← Chuchmomadoshlar
Viktor omonqorasi
Chuchmomadoshlar
Yangi

Viktor omonqorasi

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Ungernia victoris Vved. ex Artjuschenko

Maqomi: 2. Janubi-g‘arbiy Pomir-Oloy tizmasidagi areali juda qisqarib borayotgan kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 20–25 sm ga yetadigan ko‘p yillik, piyozli o‘t. Piyozining eni 4–7 sm, qoramtirqo‘ng‘ir rangli, ko‘p qavatli qobiqlar bilan o‘ralgan. Barglari 7–10 ta, qalami, ko‘kimtir, silliq. Gulpoyasi avgust oyida barglari qurib ketgandan so‘ng o‘sib chiqadi. To‘pguli soyabonsimon, 4–7 gulli. Ko‘sakchasi keng yuraksimon pallali. Avgust oyida gullab, mevasi sentyabrda yetiladi.

Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Hisor tizmasida, Cho‘lbayir tog‘larida, Xonaqasuv daryosining yuqori qismlarida tarqalgan. Arealining shimoliy chegaralari Qo‘shtut, Sho‘ra, Xonaqa dovonlari, janubda esa Bobotog‘ning shimoliy yonbag‘irlari orqali o‘tadi. Tojikistonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta qismida mayda zarra jins tuproqli yonbag‘irlar, daralar va baʼzan surilmalarda o‘sadi.

Soni: Bir-biridan uzoq masofalarda joylashgan, uncha katta bo‘lmagan (1–1,5 ga) maydonlarni egallaydi. Umumiy maydoni taxminan 350 ga yetadi.

Ko‘payishi: Urug‘idan va piyozidan (uni bo‘laklarga ajratib) ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Barglarining har yili uzluksiz dorivor xom ashyo sifatida yig‘ib olinishi tufayli piyozlari maydalashib, o‘simlikning yer usti qismi ham quriy boshlagan.

Madaniylashtirilishi: 1970 yildan tabiiy arealiga yaqin joylarda ekib o‘stirila boshlandi.

Muhofaza choralari: Tabiatda saqlanib qolgan maydonlari nazorat qilinishi, ruxsatsiz yig‘maslik talab etiladi. Shuningdek, madaniy sharoitda o‘stirish bo‘yicha ilmiy ishlar olib borilishi lozim. Cho‘lbayir tog‘ida tabiiy holda o‘suvchi omonqoralarni saqlab qolish va urug‘ini terish uchun buyurtmaxona tashkil qilinishi kerak. Manbalar. [155–159].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009