Cousinia dshisakensis Kult.
Maqomi: 3. Shimoli-g‘arbiy Pomir-Oloydagi kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 20–40 sm ga yetadigan, o‘q ildizli, ikki yillik o‘t. Poyasi yakka kallakli shoxchalardan iborat. Yopirma barglari lirasimon, keng bandli. Poyadagi barglari cho‘ziq, chetlari yirik tishsimon tikanli, uchi ham yirik tikanli, ustki tomoni chalkash tukli, pastki tomoni qalin kulrang tukli. Savatchasi yirik, diametri 2–2,5 sm. Toji o‘rama bargchalardan biroz uzun, pushti rangli. May oyida gullab, mevasi iyunda yetiladi.
Tarqalishi: Navoiy, Samarqand va Jizzax viloyatlari: Nurota, Turkiston va Molguzar tizmalarida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta va pastki qismlarida toshli va shag‘alli yonbag‘irlarda hamda qoyalarda o‘sadi.
Soni: To‘plari kam tupli (1 ga da 20 tupgacha), olis-olis joylashgan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollarining haddan tashqari ko‘p boqilishi ko‘payishiga salbiy taʼsir qilmoqda. Kamyobligining tabiiy sabablari ham bo‘lsa kerak.
Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida 1962 yildan boshlab ekib kelinadi.
Muhofaza choralari: Ayrim populyatsiyalari Zomin milliy tabiat bog‘ida muhofaza qilinadi. Manbalar. [289, 321, 324, 325, 327].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009