Cousinia stricta Tscherneva
Maqomi: 2. Janubiy O‘zbekistonning juda kamyob turi.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 70 sm gacha yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyalari bandsiz bezchali, yuqori qismi siyrak shoxli, shoxchalari ko‘p savatchali. To‘pguli ro‘vaksimon. Barglari charmsimon, har ikki tomoni yashil, ustki tomoni bandsiz bezchali, pastki tomoni juda siyrak chalkash tukli. Yopirma barglari bandli, cho‘ziq nashtarsimon, patsimon bo‘lakli. Poyadagi barglari bandsiz, nashtarsimon, patsimon bo‘lingan. Savatchasi cho‘ziq silindrsimon. Toji sariq rangda. Urug‘i ochkulrang, qora dog‘li, uch qirrali, uchi uch tishli. Iyul–avgust oylarida gullab, mevasi avgust–sentyabrda yetiladi.
Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Bobotog‘da tarqalgan. Tojikistonda ham uchraydi.
O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta qismidagi ochilib qolgan ola jinslarda o‘sadi.
Soni: Tabiatda juda kam uchraydi, faqat bir joyda maʼlum.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘paysa kerak.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Tur maʼlum tuproq sharoitida o‘sishga moslashganligi oqibatida kamayib bormoqda.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Alohida muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [321, 324, 325, 327]. G‘. M. Shermatov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009