← Qoqio‘tdoshlar (Murakkabguldoshlar)
Taroqsimon Olga
Qoqio‘tdoshlar (Murakkabguldoshlar)
Yangi

Taroqsimon Olga

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Olgaea pectinata Iljin

Maqomi: 2. G‘arbiy Tyan-Shanning kamyob endemik o‘simligi.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 30 – 70 sm ga yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyalari bittadan, yo‘g‘on. Barglari charmsimon, ustki tomoni och yashil, tuksiz, pastki tomoni qalin tukli, uzunchoq yoki nashtarsimon. Yopirma va poyaning pastki qismidagi barglari asta-sekin barg bandiga aylanadi. Qolgan barglari bandsiz. Savatchasining uzunligi 6–7 sm, eni 4–5 sm. O‘rama barglari ko‘p. Toji to‘q qizil, uzunligi 35–50 mm. Urug‘lari uzunchoq, qalami. Avgust oyida gullab, mevasi sentyabrda yetiladi.

Tarqalishi: Toshkent viloyati: G‘arbiy Tyan- Shandagi Ugom tizmasida tarqalgan. Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta qismidagi toshloq shag‘alli yerlarda, butazorlarda va dashtlarda o‘sadi.

Soni: Ugom tizmasidan bir marta yig‘ilgan.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Asosan, chorva mollarining boqilishi tufayli kamayib ketgan.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. O‘sish joylari Ugom- Chotqol milliy tabiat bog‘ida joylashgan. Manbalar. [328]. M. To‘laganova.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009