Oligochaeta vvedenskyi (Popov) Tscherneva
Maqomi: 3. Qizilqum va O‘zbekistonning janubiy mintaqasiga xos kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Poyalari juda qisqa, asosidan shoxlangan, bir yoki bir nechta savatchali, bir yillik o‘t. Shoxlari 7–15 sm uzunlikda, yer bag‘irlab o‘sadi, yotiq jingalak-chalkash tukli. Barglari kulrang, yashil, ustki qismi yotiq jingalak tukli. Ildizoldi barglari bandli, cho‘ziq tuxumsimon, chetlari o‘yilgan tishli, tikanli. Savatchasi bitta yoki bir nechta, cho‘ziq. O‘rama bargchalari nashtarsimon, ustki qismi jingalak tukli. Toji oqish. Urug‘i 3 mm uzunlikda, yaltiroq. Aprel–may oylarida gullab, mevasi may oyida yetiladi.
Tarqalishi: Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari, shuningdek, Qoraqalpog‘istonda uchraydi. Pomir- Oloyda – Sherobod vodiysi (Uchqizil tepaligi) va Janubiy Qizilqumda tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Qoldiq tog‘larda va tog‘ etaklarida, ochilib qolgan ola jinslarda o‘sadi.
Soni: Aniqlanmagan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollarining haddan ortiq boqilishi, pichan o‘rilishi va maxsus tuproq sharoitiga moslashganligi uning kamayishiga sabab bo‘lmoqda.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Muhofaza qilinmaydi. Manbalar. [329]. M. To‘laganova.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009