Cousinia vvedenskyi Tscherneva
Maqomi: 2. Hisor tizmasi janubi-g‘arbiy tarmoqlarining endemik o‘simligi.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 20 sm ga yetadigan ikki yillik o‘t. Poyasi yo‘l-yo‘l chiziqli (jo‘yakli), chalkash tukli, shoxlari 1 yoki 2 ta kallakli. Barglarining pastki tomoni qalin oqish tukli, ustki tomoni siyrak chalkash tukli, chetlari tishsimon mayda tikanli. Yopirma barglari bandli, lirasimon. Poyaning pastki qismidagi barglari yopirma barglarga o‘xshash, band siz yoki qisqa bandli. Poyaning o‘rta qismidagi barglari ham bandsiz. Eng yuqoridagilari esa qisqarib tikanga aylangan. Savatchasi cho‘ziq tu x u m si m on , yuqori qismi siqilgan, siyrak chalkash tukli. O‘rama bargchalari yashil, qirrali, o‘tkir uchli, o‘rta qismi qisilgan. Toji pushti rangli. Urug‘i teskari tuxumsimon, to‘q kulrang. Iyun–iyul oylarida gullab, mevasi iyul–avgustda yetiladi.
Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Pomir-Oloyda Cho‘lbayir, Boysun tog‘larida, Hisor tizmasi janubiy yonbag‘ridagi Sangardak suv havzasida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta qismidagi yirik toshli va shag‘alli yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: Tabiatda juda kam tarqalgan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Faqat o‘ziga xos tuproqda o‘sishga moslashganligi uning qisqarishiga sabab bo‘lgan.
Madaniylashtirilishi: Aniq maʼlumot yo‘q.
Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [321, 324, 325, 327]. F. O‘. Hasanov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009