Ugamia angrenica (Krasch.) Tzvelev
Maqomi: 2. G‘arbiy Tyan-Shanning kamyob endemik o‘simligi.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 2–8 sm ga yetadigan yarimbutacha. Ko‘p sonli poyalari zich joylashib, gilamsimon chim hosil qiladi. Barglari ko‘p, uzunligi 1,2 sm, eni 0,6 mm gacha bo‘lib, zich joylashgan tuklari kulrang-yashil tusga kiradi. Savatchalari yakka-yakka, juda kalta va egilgan gulbandlarda joylashgan. Gul bargchalarining cheti qo‘ng‘ir, to‘q qo‘ng‘ir hoshiyali. Nay gullarining tojibargi 4–5,5 mm uzunlikda. Urug‘chalari 4–5,5 mm, ko‘ndalang joylashgan 10–15 ta qovurg‘ali bo‘lib, ulardan 5 tasi sertuk, alohida ajralib turadi. Iyul–avgustda gullab, mevasi avgust–sentyabrda pishadi.
Tarqalishi: Toshkent va Namangan viloyatlari: Qurama (Arashan, Jardan dovoni), Chotqol (Chotqol biosfera qo‘riqxonasi), Piskom (Oqsarsoy) tizmalarida tarqalgan. O‘zbekistondan tashqarida: Qozog‘iston (Talas Olatog‘i, Ugom–Baxmalko‘l tizmalari) va Qirg‘izistonda (Santalash tizmasi) tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘ning yuqori qismidagi toshli, shag‘alli yonbag‘irliklarda, granit bo‘laklari orasida, to‘kilmalar atrofida o‘sadi.
Soni: Aniqlanmagan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Chotqol biosfera qo‘riqxonasida va Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘ida muhofaza qilinadi. Manbalar. [138].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009