← Qoqio‘tdoshlar (Murakkabguldoshlar)
Bejirim yurineya
Qoqio‘tdoshlar (Murakkabguldoshlar)
Yangi

Bejirim yurineya

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Jurinea gracilis Iljin

Maqomi: 2. O‘zbekistonning janubiga xos endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 50 sm atrofidagi ko‘p yillik o‘t. Poyalari ko‘p, asosi oqish, paxmoq tukli, pastki qismi chalkash va siyrak bezchali tuklar bilan qoplangan, tik chiziqli (jo‘yakli), shoxchalari yakka kallakli. Barglari cho‘ziqroqdan nashtarsimongacha, chetlari tekis yoki siyrak tishli, o‘tkir, tuksiz, bezchali, ustki tomoni g‘adirbudur. Yopirma barglarining yaproqlari bandiga qarab torayayib boradi. Poyadagi barglari bandsiz, poya bo‘ylab pastga qarab yopishgan. Savatchasi kosachasimon, tuksiz yoki siyrak chalkash tukli. O‘rama bargchalari 4–5 qatorli, yashil, ichki tomonidagilari qirmizi rangli. Toji pushti rangli, savatchaning chetidagi gullari pastga qarab osilgan, qalin bezchali. Urug‘i silliq. May–iyun oylarida gullab, mevasi iyulda yetiladi.

Tarqalishi: Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari: Hisor tizmasining g‘arbiy tarmoqlarida, Boysuntog‘ va Ko‘hitangda tarqalgan.

O‘sish sharoiti: Tog‘ning pastki va o‘rta qismlarida toshli yonbag‘irlarda va ochilib qolgan ola jinslarda o‘sadi.

Soni: Juda kam tarqalgan.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: O‘ziga xos tuproq sharoitida o‘sishga moslashganligi uchun kichik maydonlarda saqlanib qolgan.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Surxon davlat qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Manbalar. [105, 159, 331].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009