Sternbergia lutea (L.) Spreng.
Maqomi: 3. O‘zbekistonning janubida juda kam tarqalgan tur.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 20 sm ga yetadigan ko‘p yillik piyozli o‘t. Piyozi yirik, deyarli yumaloq, eni 4 sm ga, uzunligi esa 5 sm ga yetadi. Barglari keng nashtarsimon, to‘mtoq, tarnovsimon, chetlari o‘tkir mayda tishchali. Bargi guli bilan bir vaqtda – kuzda o‘sib chiqadi. Gullari bandsiz, sariq rangli. Gulpoyasi nayzasimon, cho‘ziqroq. Sentyabr–oktyabr oylarida gullaydi.
Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Hisor tizmasi yonbag‘irlarida joylashgan Sharg‘un qishlog‘i atrofida tarqalgan. Tojikistonda, Turkmanistonda va Kavkazda ham uchraydi.
O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta qismidagi qoyalarda va toshli yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: Aniqlanmagan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan. Ehtimol, manzarali bo‘lganligi uchun piyozi qazib olinsa kerak.
Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida o‘stiriladi.
Muhofaza choralari: Tabiatda o‘sib turgan joylari nazorat ostiga olinishi va madaniy sharoitda ekib o‘rganilishi lozim. Manbalar. [79, 159].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009