← Chuchmomadoshlar
Bakxauz Piyozi
Chuchmomadoshlar
Yangi

Bakxauz Piyozi

Maqomi 1 — Yo‘qolish arafasida

Allium bakhousianum Regel

Maqomi: 1. Oloy va Farg‘ona tizmasida kichik maydonda saqlanib qolgan g‘oyat kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bosh piyozining eni 3–5 sm, qoramtir, qog‘ozsimon po‘stli (qobiqli). Poyasining bo‘yi 90–150 sm, silliq. Barglari 5–6 ta, qayishsimon, eni 4–8 sm, silliq. Soyaboni ko‘pgulli, deyarli sharsimon, diametri 5–10 sm. Gulbandi deyarli teng, uzunligi 3–5 sm, gulyonbargchalari yo‘q. Gulqo‘rg‘on bo‘laklari yulduzsimon, oq, yashil tomirli, uzunligi 10 mm, qalami, to‘mtoqroq, keyinchalik pastga qarab egiladi. Changchi iplari 7–8 mm uzunlikda, bigizsimon, ichkaridagilarining tubi ikki tishchali. Ko‘sagi sharsimon, diametri 5–6 mm.

Tarqalishi: Farg‘ona viloyati (Shohimardon daryosi vohasi)da tarqalgan (Farg‘ona viloyati). O‘zbekistondan tashqarida Xitoy va Qirg‘izistonda uchraydi.

O‘sish sharoiti: Yirik tosh bo‘laklaridan iborat surilmalarda o‘sadi.

Soni: 1998 yili 30 tupi borligi aniqlangan.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Kamayib ketishiga urug‘lari unuvchanligining pastligi sabab bo‘lgan.

Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida ekib o‘stirilgan.

Muhofaza choralari: Muhofaza qilinmaydi. Manbalar. [58, 362, 364] F. O‘. Hasanov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009