← Yalpizdoshlar (Labguldoshlar)
Uchpoyali oqto‘sha
Yalpizdoshlar (Labguldoshlar)
Yangi

Uchpoyali oqto‘sha

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Phlomoides anisochila (Pazij et Vved.) Salmaki

Maqomi: 2. Nurota tizmasidagi nihoyatda kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 20 sm ga yetadigan ko‘p yillik, qalin tukli o‘t. Poyalari uchta, pastki qismidan tarvaqaylab shoxlangan, qalin tuklar bilan qoplangan. Yopirma barglarining bandi qisqa, qalin va uzun tukli. Poyadagi barglari romb-tuxumsimon, chetlari tishli, qalin tukli, tomirlari yo‘g‘on, poyaning yuqori qismidagi barglari esa bandsiz. Gullari guloldi bargchalarining qo‘ltiqlarida halqasimon shaklda o‘rnashgan. Guloldi bargchalari bigizsimon, paxmoq tukli. Kosachasi qo‘ng‘iroqsimon, uzunligi 20 mm atrofida, naychasi qalin tukli. Toji sariq rangli, uzunligi 4 mm, naychasining uzunligi 15 mm, tuksiz, qaytaqisi qisqa, qalin tukli, tojining pastki labi ustki labidan ikki marta uzun. Iyun–iyul oylarida gullab, mevasi avgustda yetiladi.

Tarqalishi: Jizzax viloyati: Nurota tizmasining markaziy qismida tarqalgan.

O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta qismida shag‘al-toshli quruq yonbag‘irlarda o‘sadi.

Soni: Yakka holda va kichik to‘plar holida uchraydi. Tuplar umumiy soni 1000 dan oshmaydi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Sonining o‘zgarish sabablari aniqlanmagan.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Nurota davlat qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Manbalar. [7–9, 18, 159, 289].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009