Salvia insignis Kudr.
Maqomi: 1. Janubiy O‘zbekistonda o‘sadigan juda kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 40 sm ga yetadigan tik poyali ko‘p yillik o‘t. Barglari, asosan, ildiz bo‘g‘izida joylashgan, tuxumsimon, chetlari ikki karra tishsimon bo‘lingan, uzun bandli. Gullari pushti rangli, uzunligi 30-35 mm. Mevasi 4 ta yong‘oqchaga ajraladi. Yong‘oqchasi ellipssimon, yashilroq rangli, uch qirrali, uzunligi 3 mm. May oyida gullab, mevasi iyunda yetiladi.
Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Bobotog‘ va Besharcha tog‘larida (Garmbuloq va Qashqaquduq atroflari) tarqalgan. Janubiy Tojikistonda ham uchraydi.
O‘sish sharoiti: Tog‘ning pastki qismidagi ola jinslarda, ohaktoshli hamda gipsli yonbag‘irlarda va surilmalarda o‘sadi.
Soni: Bu tur tabiatda juda kam saqlanib qolgan bo‘lib, umumiy soni 1000 tupdan oshmaydi. Yo‘qolib ketish xavfi ostida.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: O‘simlik tarqalgan yerlarda chorva mollarining ko‘plab boqilishi tufayli uning soni qisqarib bormoqda.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Bobotog‘ o‘rmon xo‘jaligi hududida (Besharcha tog‘lar) buyurtmaxona tashkil qilish va o‘simlikni madaniylashtirish lozim. Manbalar. [111, 191-193, 238, 260].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009