Phlomis nubilans Zakirov
Maqomi: 3. Nurota tizmasidagi kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 30–40 sm oralig‘idagi ko‘p yillik o‘t. Poyasi bir nechta. Bargi tuxumsimon, chetlari tekis yoki noaniq arrasimon, ustki tomoni yulduzsimon va oddiy tuklar bilan qoplangan, pastki tomoni esa qalin yulduzsimon tukli va yo‘g‘on tomirli. Gullari bandsiz, poyaning yuqori qismidagi barglar qo‘ltig‘ida 2–6 tadan siyrak halqa hosil qilib joylashgan. Guloldi bargchalari bigizsimon, kosacha nayidan 1,5 barobar uzun. Kosachasi 10–13 mm uzunlikda, qalin yulduzsimon tuklar bilan qoplangan. Toji pushti, uzunligi 23–27 mm. Iyulda gullab, mevasi avgust oyida yetiladi.
Tarqalishi: Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlari: Nurota tizmasi va Oqtog‘da tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘ning pastki va o‘rta qismida mayda jins tuproqli, shag‘alli va toshli yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: Tabiatda yakka-yakka va bir-biridan ajralgan to‘plari uchraydi.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Qishloq xo‘jalik ekinlari uchun yerlarning o‘zlashtirilishi va chorva mollarining boqilishi tufayli kamaygan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Populyatsiyasining bir qismi Nurota davlat qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Manbalar. [94, 194, 195]. R. U. Qodirov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009