Salvia tianschanica Makhm.
Maqomi: 2. G‘arbiy Tyan-Shanga xos kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 25–40 sm ga yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyalari 1–3 ta, tik o‘suvchi, to‘pguliga yaqin qismida qarama-qarshi shoxlangan, qalin bezchasimon va uzun yumshoq oddiy tuklar bilan qoplangan. Barglari cho‘ziq nashtarsimon, uzunligi 7–9 sm, eni 3–4 sm, o‘tkir uchli, chetlari patsimon bo‘lingan. Yopirma barglari uzun bandli, yaprog‘ining uzunligi bandiga teng, poyadagilari kichikroq, bandsiz. To‘pgullari 4–6 ta (har biri 2–3 gulli) soxta halqadan tashkil topgan. Gulbandining uzunligi 12–14 mm. Gullari pushti rangli, uzunligi 35–40 mm. Yong‘oqchasi uch qirrali, teskari tuxumsimon, uzunligi 6 mm, silliq. May–iyun oylarida gullab, mevasi iyulda yetiladi.
Tarqalishi: Toshkent viloyati: Ugom tizmasida (Xumson), Chotqol tizmasi (janubi-g‘arbiy kismi), Qurama tizmasining shimoliy yonbag‘irlari, Olmaliq shahri atroflarida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘larning pastki qismidagi quruq mayda jins shag‘alli tuproqlarda o‘sadi.
Soni: Yakka-yakka yoki ajralgan kichik to‘plar tashkil qilgan holda o‘sadi. Alohida to‘p hosil qilmaydi. Chotqol biosfera qo‘riqxonasi hududida ko‘proq uchraydi.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Texnogen omillar taʼsiri va chorva mollarining ko‘p boqilishi.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Arealining bir qismi Chotqol biosfera qo‘riqxonasida va Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘ida muhofaza qilinadi. Manbalar. [111, 191–193, 238, 260].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009