← Yalpizdoshlar (Labguldoshlar)

Lagochilus inebrians Bunge

Maqomi: 3. G‘arbiy Pomir-Oloy va Janubiy Qizilqumning qoldiq tog‘laridagi kamayib borayotgan endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 30–60 sm oralig‘idagi poyalari oddiy yoki sershox yarim buta. Barglari keng-tuxumsimon 3–5 bo‘lakli. Tojbargi oqish. Gullari poyalarining yuqori qismida 4–6 tadan bo‘lib o‘rnashgan. Kosachasi cho‘ziq qo‘ng‘iroqsimon. Yong‘oqchasi tuksiz, sarg‘ish kulrang. Iyun–avgustda gullab, mevasi iyul–sentyabr oylarida yetiladi.

Tarqalishi: Jizzax, Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlari: Nurota tog‘i etaklari, Zirabuloq, Ziyovuddin tog‘i, Zarafshon hamda Turkiston tizmalari, shuningdek, Qizilqumdagi Quljuqtog‘, Ko‘kchatog‘ va Tomditog‘da tarqalgan.

O‘sish sharoiti: Dengiz sathidan 1200 m gacha balandlikdagi soz hamda shag‘alli soz tuproqlarda shuvoq va boshqa turlardan hosil bo‘lgan o‘simlik guruhlarida uchraydi.

Soni: Tabiatda onda-sonda va kichik tuplar hosil qilib tarqalgan. Eng zich tuplari Nurota va Oqtog‘larda uchraydi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi. Urug‘i 5–7 yil mobaynida unuvchanligini yo‘qotmaydi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Namgarchilikning yetishmasligi, chorva mollari tomonidan payhon qilinishi va ko‘p yillar mobaynida katta miqdorlarda yig‘ib olinishi soni va arealiga katta zarar yetkazgan.

Madaniylashtirilishi: 1957–1960 yillar mobaynida Samarqand viloyatida 2 ga yerda ekib o‘stirilgan. 1960 yildan buyon O‘zR FA Botanika bog‘ida ekilib kelinadi.

Muhofaza choralari: Nurota qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Uni yig‘ib olishni qatʼiy cheklash, tabiiy holda tiklanishiga ko‘maklashish zarur. Manbalar. [103, 116, 320].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009