← Yalpizdoshlar (Labguldoshlar)
To‘mtoq marmarak
Yalpizdoshlar (Labguldoshlar)
Yangi

To‘mtoq marmarak

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Salvia submutica Botsch. et Vved.

Maqomi: 2. Nurota tizmasidagi kamyob, relikt, endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 15–40 sm ga yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyasi bitta, tik, qalin bezchasimon tukli. Yopirma barglari ko‘p, bandli, cho‘ziq, nashtarsimon, patsimon bo‘lingan, bo‘laklari, o‘z navbatida, chuqurpatsimon qismlarga ajralgan. Poyasining pastki qismidagi bir juft barg qisqa bandli, chetlarining uchi o‘tkir bo‘laklarga ajralgan, poyaning o‘rta va yuqori qismidagilari esa bandsiz, butun va maydaroq. Gullari uzun (10–12 mm), gul bandda 4 tadan halqa hosil qiladi. Kosachasi keng qo‘ng‘iroqsimon, biroz shishgan, uzunligi 22–23 mm, deyarli ikki labli, kosachabarglari to‘mtoq. Toji sarg‘ish. Iyun–iyulda gullab, mevasi iyul–avgust oylarida yetiladi.

Tarqalishi: Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlari: Nurota tizmasida tarqalgan.

O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta qismidagi surilmalar, qoyalarda, shag‘alli va toshli yonbag‘irlarda o‘sadi.

Soni: Tabiatda yakka-yakka holda va kichik to‘plar holida tarqalgan. Ko‘proq Nurota davlat qo‘riqxonasida o‘sadi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollarining ko‘plab boqilishi turning kamayib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida o‘stirilmokda.

Muhofaza choralari: Bu tur o‘sadigan yerlarning bir qismi Nurota qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Manbalar. [111, 191–193, 238, 260].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009