← Yalpizdoshlar (Labguldoshlar)

Dracocephalum spinulosum Popov

Maqomi: 3. G‘arbiy Tyan-Shanda kichik maydonlarda saqlanib qolgan kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 25 sm ga yetadigan ko‘p yillik o‘t. Barglari tuxumsimon, pastkilari barvaqt so‘liydi, qattiq, g‘adir-budir, tukli, barg bandi qisqa. Poyasi to‘rt qirrali. Gullari 2-6 tadan poyada halqa shaklida joylashgan, oqish yoki och qizg‘ish rangli. Iyul-avgust oyida gullab, mevasi avgust-sentyabrda yetiladi.

Tarqalishi: Toshkent viloyati: G‘arbiy Tyan- Shanning Ugom, Piskom, Chotqol tizmalarida tarqalgan. Qozog‘istonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Toshli va nuragan shag‘alli tog‘ yonbag‘irlarda, siyrak archazorlar orasida, ko‘proq ochiq joylarda o‘sadi.

Soni: Yakka-yakka, tuplari bir-biridan ajralgan holda uchraydi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Boshqa o‘simliklar bilan raqobatga bardosh bera olmasligi va chorva mollari tomonidan payhon qilinishi tufayli kamayib bormoqda.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Chotqol biosfera qo‘riqxonasida va Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘ida muhofaza etiladi. Manbalar. [8, 159].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009