Koelpinia leiocarpa Popov
Maqomi: 2. G‘arbiy Hisordagi kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 20–25 sm oralig‘idagi bir yillik o‘t. Poyasi pastki qismidan shoxlangan, g‘uborli yoki tuksiz, bargli. Barglari ipsimon. Savatchalari uzun, ingichka gulpoyalarda o‘rnashgan. Gullari sariq. Tashqi o‘rama barglari qalami-bigizsimon. Urug‘i sal egilgan, uchiga qarab toraya boradi, uzunligi 12–13 mm. Aprelda gullab, mevasi may oyida yetiladi.
Tarqalishi: Qashqadaryo viloyati: Hisor tizmasining g‘arbiy qismidagi Yakkabog‘ daryosining yuqori qismida, Toshqo‘rg‘on qishlog‘i tevaraklarida hamda G‘uzor tog‘i etaklarida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘ etaklaridan to o‘rta qismigacha bo‘lgan gipsli yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: Juda kam tarqalgan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollarining haddan ortiq boqilishi natijasida kamayib ketgan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Hisor davlat qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Manbalar. [126, 159].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009