Cousinia dolichophylla Kult.
Maqomi: 2. G‘arbiy Tyan-Shanning kamyob endemik o‘simligi.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 90 sm gacha yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyasi noaniq yo‘l-yo‘l chiziqli, chalkash tukli, yuqori qismi esa momiq tukli. Yopirma barglari uzun bandli, cho‘ziq nashtarsimon, ko‘pincha yirik, uzunligi 25–30 sm, kengligi 5–8 sm, charmsimon, ustki tomoni siyrak chalkash tukli, yashil, pastki tomoni oqish qalin tukli, patsimon bo‘lakli, chetlari tikan tishli. Poyaning pastki qismidagi barglari yopirma barglarga o‘xshash, o‘rta qismidagi barglari bandsiz, eng yuqoridagi barglari mayda, maʼlum oraliqda joylashgan, bandsiz, chetlari bo‘lingan, tikanli. Savatchalari ko‘p, ko‘p gulli, qisqa bandli. Toji och sarg‘ish, o‘rama bargchalaridan uzun. Urug‘i teskari piramidasimon, yirik, uzunligi 7 mm gacha yetadi. Iyul–avgust oylarida gullab, mevasi avgust–sentyabrda yetiladi.
Tarqalishi: Toshkent viloyati: Qorjontov, Ugom va Piskom tizmalarida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta qismidagi mayda jins tuproqli, shag‘alli yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: Tabiatda yakka-yakka holda, baʼzan to‘p bo‘lib tarqalgan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: O‘simliklarni pichanga o‘rib olish oqibatida kamayib bormoqda.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. O‘sish joylari Ugom- Chotqol milliy tabiat bog‘ida joylashgan. Manbalar. [321, 324, 325, 327]
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009