Cousinia praestans Tscherneva et Vved.
Maqomi: 2. G‘arbiy Pomir-Oloyda tarqalgan juda kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 1 m gacha yetadigan ikki yillik o‘t. Poyasi g‘uj-g‘uj tukli, yo‘l-yo‘l chiziqli, bargli, asosidan tarvaqaylab shoxlangan. Barglari nisbatan yumshoq tikanli, ustki tomoni chalkash tukli, pastki tomoni kulrang qalin tukli. Poyaning pastki qismidagi barglari bandsiz, poyani yarim qamrab turadi, patsimon bo‘lakli, chetlari notekis tikansimon tishli; o‘rta qismidagi barglari bandsiz, bo‘lakli, chetlari mayda tikansimon tishli; yuqoridagilari bandsiz, yumaloqroq, chetlari tikansimon tishli. Savatchalari yumaloq, yirik, uzunligi 4 sm, diametri 3–3,5 sm, qalin chalkash tukli. O‘rama bargchalari qattiq. Toji pushti rangli. Urug‘i teskari tuxumsimon, silliq, yaltiroq. May–iyun oylarida gullab, mevasi iyun–iyulda yetiladi.
Tarqalishi: Qashqadaryo viloyati: Qashqadaryo suv havzasi – Hisor tizmasining g‘arbiy qismida, Zarafshon tizmasining janubiy yonbag‘ridagi Oyoqchi daryo vodiysida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta qismidagi toshli yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: Tabiatda kam tarqalgan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Bu turning maʼlum o‘sish sharoitiga moslashganligi uning kamayishiga sabab bo‘lmoqda.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Hisor qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Manbalar. [321, 324, 325, 327]. G‘. M. Shermatov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009