Phlomoides baburii (Adylov) Adylov
Maqomi: 1. Janubiy O‘zbekistondagi g‘oyat kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 40–50 sm ga yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyasi baquvvat, tuksiz, pastki qismidan tarvaqaylab shoxlangan. Yopirma barglari cho‘ziq, asosi keng ponasimon, qisqa bandli, tuksiz; poyadagi barglari kichikroq, deyarli bandsiz, o‘tkir tishli. Gullari bandsiz, guloldi bargchalarining qo‘ltig‘ida kamgulli yarim halqa hosil qilib o‘rnashgan. Guloldi barglari bigizsimon, tuksiz, kosachadan 4 marta qisqa. Kosachasi 16–20 mm uzunlikda, nay-qo‘ng‘iroqsimon, tuksiz. Kosachasining chetlari kipriksimon. Tojining uzunligi 30 mm, oqish yoki quritilganda och sariq rangda bo‘lsa kerak. Tojining nayi kosachadan salgina chiqib turadi. May oyida gullab, mevasi may–iyunda yetiladi.
Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Kelif-Sherobod tepaliklarida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Ochilib qolgan ola jinslarda o‘sadi.
Soni: 2009 yili 200 tupi qayd etilgan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘paysa kerak.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Alohida muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [6–9, 159].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009