Phlomoides transoxana (Bunge) Salmaki
Maqomi: 2. Qizilqumda uchraydigan kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 25–40 sm ga yetadigan ko‘p yillik o‘t. Ildizi tugunaksimon yo‘g‘onlashgan. Poyasi tuksiz, yuqori qismi shoxlangan. Yopirma barglari uzun bandli, patsimon bo‘lingan, qalami bo‘lakchalardan iborat, ustki tomoni tukli, pastki tomoni tuksiz. Poyasidagi barglari nisbatan kichikroq, kamroq, bo‘lingan va qisqa bandli. Gullari bittadan, uzunligi 5 sm ga yetadigan gulbandlarda guloldi bargchalari qo‘ltig‘ida o‘rnashgan. Guloldi bargchalari qalami, kosachadan 1,5–2 marta qisqa. Kosachasi tor qo‘ng‘iroqsimon, uzunligi 17–20 mm, deyarli tuksiz. Tojbarglarining uzunligi 23–25 mm, pastki labining o‘rta qismi to‘q sariq rangli. May oyida gullab, mevasi iyunda yetiladi.
Tarqalishi: Buxoro va Navoiy viloyatlari: Markaziy va Janubiy Qizilqumda tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Qoldiq tog‘lar atroflarida uncha mustahkamlanmagan qumlarda o‘sadi.
Soni: To‘rtta joyda (Oytim, Jiriq, O‘g‘iz, Segetti quduqlari atroflari)da maʼlum. Bu yerda ular kichik-kichik maydonlarda to‘p-to‘p bo‘lib o‘sadi.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Tugunagi mahalliy aholi tomonidan dorivor ashyo sifatida ishlatiladi.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [7–9, 159].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009