← Qoqio‘tdoshlar (Murakkabguldoshlar)
Bunge takasoqoli
Qoqio‘tdoshlar (Murakkabguldoshlar)
Yangi

Bunge takasoqoli

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Scorzonera bungei Krasch. et Lipsch.

Maqomi: 2. Qizilqumdagi kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Ildizi tugunaksimon yo‘g‘onlashgan ko‘p yillik o‘t. Ildiz bo‘g‘izi qalin malla tukli. Poyasi 2–3 ta, baʼzan bitta, shoxlangan, shoxchalari yakka savatchali, tukli. Barglari yumshoq, har ikki tomoni yotiq tukli, chetlari tekis yoki egribugri. Ildizoldi barglari keng nashtarsimon, eni 1,5–2 sm, bandli. Poyadagi barglari qalami, nashtarsimon, bandsiz, poyani yarim qamrab olgan. Savatchasi dastlab silindrsimon, keyinchalik esa teskari cho‘qqisimon. Mevalaganda savatchasi pastga qarab egiladi. O‘rama bargchalari kumushrang tuklar bilan qoplangan. Gullari sarg‘ish. Urug‘i 6–7 mm uzunlikda, oq momiq tukli. Aprelda gullab, urug‘i may oyida yetiladi.

Tarqalishi: Qoraqalpog‘iston: Qizilqumda Sulton Uvays tog‘ida tarqalgan.

O‘sish sharoiti: Qoldiq tog‘larning qoyalarida va toshli yonbag‘irlarda o‘sadi.

Soni: Juda kam tarqalgan.

Ko‘payishi: Urug‘idan va vegetativ yo‘l bilan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Maʼlum tuproq sharoitiga moslashganligi sababli kam tarqalgan.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [164, 186, 189].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009