Cousinia rhodantha Kult.
Maqomi: 1. O‘zbekistonning janubidagi kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 25 sm ga yetadigan ikki yillik o‘t. Poyasi yo‘l-yo‘l chiziqli, qisman chalkash tukli, o‘rta qismidan shoxlanuvchi, bargli shoxchalari yakka kallakli. Barglari och yashil, ustki tomoni tuksiz, pastki tomoni qalin tukli, chetlari yirik tikan tishli. Yopirma barglari bandli, patsimon bo‘lingan. Poyadagi barglari patsimon o‘yilgan, bandsiz. Savatchalari tuxumsimon-yumaloq, chalkash tukli, diametri 3 sm. O‘rama bargchalari ko‘p, qirrali. Toji pushti, o‘rama bargchalaridan qisqa. Urug‘i teskari tuxumsimon, och kulrang. Iyunda gullab, mevasi iyun–iyulda yetiladi.
Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Hisor tizmasining janubi-g‘arbiy tarmoqlarida, Boysun tog‘larida tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘ etaklaridagi qumloq yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: Tabiatda kam tarqalgan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Maʼlum tuproq sharoitiga moslashganligi uning kamayishiga sabab bo‘lmoqda.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [310, 321, 324, 325, 327]. G‘. M. Shermatov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009