← Qoqio‘tdoshlar (Murakkabguldoshlar)

Cousinia glabriseta Kult.

Maqomi: 3. Janubi-g‘arbiy Pomir-Oloyning kamyob endemik o‘simligi.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 25 sm gacha yetadigan ikki yillik o‘t. Poyasi yo‘l-yo‘l chiziqli bargli, asosidan shoxlanuvchi, shoxlari yakka kallakli. Barglari charmsimon, yuqori qismi chalkash tukli, pastki tomoni oqish-qalin tukli, chetlari yirik tishli. Poyasining o‘rta va yuqori qismidagi barglari bandsiz, yumaloq, poyani yarim qamrab turadi. Savatchasi tuxumsimon-yumaloq, siyrak chalkash tukli. O‘rama bargchalari nisbatan kam, tarvaqaylagan, siyrak chalkash tukli. Toji pushti rangli, o‘rama bargchalardan uzunroq. Urug‘i teskari tuxumsimon. Iyun oyida gullab, mevasi iyulda yetiladi.

Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Ko‘hitang tizmasida tarqalgan. Turkmanistonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Tog‘larning yuqori qismidagi shag‘alli va mayda jins tuproqli yonbag‘irlarda uchraydi.

Soni: Tabiatda bu tur kichik to‘plar hosil qilib o‘sadi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Surxon qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Manbalar. [321, 324, 325, 327] G‘. M. Shermatov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009