← Qoqio‘tdoshlar (Murakkabguldoshlar)
Shubhali karrak
Qoqio‘tdoshlar (Murakkabguldoshlar)
Yangi

Shubhali karrak

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Cousinia haesitabunda Juz.

Maqomi: 2. G‘arbiy Pomir-Oloyda tarqalgan juda kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 50 sm gacha yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyasi uncha chuqur bo‘lmagan chiziqli, chalkash tukli, siyrak bargli. Yopirma barglari kam, cho‘ziq nashtarsimon, pastki tomoni oqish qalin tukli, patsimon qirqilgan, chetlari tikansimon tishli. Poyadagi barglari mayda, bandsiz, poyani yarim qamrab turadi. Savatchasi tuxumsimon, diametri 10–12 mm, tuksiz. O‘rama bargchalari ko‘p, qattiq charmsimon. Toji sariq. Urug‘i teskari tuxumsimon, deyarli to‘rt qirrali. May–iyun oylarida gullab, mevasi iyun–iyulda yetiladi.

Tarqalishi: Jizzax, Navoiy viloyatlari: Molguzar, Nurota tizmalarida tarqalgan.

O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta qismidagi shag‘alli, mayda jins tuproqli yonbag‘irlarda o‘sadi.

Soni: Aniqlanmagan.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: O‘sib turgan yerlarining o‘zlashtirilishi va chorva mollarining ko‘plab boqilishi uning kamayishiga sabab bo‘lmoqda.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [321, 324, 325, 327]. G‘. M. Shermatov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009