Cousinia glaphyrocephala Juz. et Tscherneva
Maqomi: 1. O‘zbekistonning janubida kichik maydonlarda o‘sadigan juda kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 20 sm ga yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyalari ko‘p, qalin tukli, o‘rta qismidan shoxlanuvchi, shoxlari ingichka, qisqa, yakka kallakli. Barglarining ustki tomoni chalkash tukli, pastki tomoni oqish qalin tukli. Yopirma barglari qisqa bandli, patsimon bo‘lingan. Poyadagi barglari yuqoriga qarab kichiklashib boradi, bandsiz, nashtarsimon, asosi 1–2 juft tishli. Savatchasi tuxumsimon, chalkash tukli. O‘rama barglari 40 ta atrofida, qirrali. Toji o‘rama bargchalaridan uzun, pushti rangli. Urug‘i teskari tuxumsimon, silliq. Iyun–iyul oylarida gullab, mevasi iyul–avgustda yetiladi.
Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Hisor tizmasining janubi-g‘arbiy tarmoqlari (Suvsiztog‘, Navobuloq)da tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta qismidagi toshli yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: Umumiy soni haqida maʼlumotlar yo‘q.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [310, 321, 324, 325, 327]. G‘. M. Shermatov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009