Cousinia allolepis Tscherneva et Vved.
Maqomi: 2. Hisor tizmasi g‘arbiy qismidagi juda kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 55 sm ga yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyasi ko‘p, chalkash tukli, asosi qalin tukli, o‘rta qismidan shoxlanuvchan. Shoxchalari yakka savatchali. Barglarining ustki tomoni bezchali tukli, pastki tomoni kulrang qalin tukli. Tashqi yopirma barglarining bandi novsimon kengaygan, ichkilariniki bandli, nashtarsimon, patsimon bo‘lingan, asosiga qarab pardasimon qanotchalar hosil qiladi. Poyadagi barglari yuqoriga qarab kichrayib boradi, bandsiz. Savatchasi keng silindrsimon, bezchali hamda oddiy tuklar bilan qoplangan. O‘rama barglari 35 taga yaqin. Toji sariq rangli. Urug‘i uzun teskari tuxumsimon, mayda tishli. Avgust oyida gullab, mevasi sentyabrda yetiladi.
Tarqalishi: Qashqadaryo viloyati: Hisor tizmasining g‘arbiy qismida Qashqadaryo havzasida tarqalgan (Oqsuv, G‘ilondaryo va Tanxozdaryo havzalarining yuqori qismi).
O‘sish sharoiti: Tog‘larning yuqori qismidagi toshli yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: Tabiatda juda kam tarqalgan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniq maʼlumot yo‘q.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumot yo‘q.
Muhofaza choralari: Hisor davlat qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Manbalar. [321, 324, 325, 327]. F. O‘. Hasanov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009