← Burchoqdoshlar
Shu’lali zirako‘t
Burchoqdoshlar
Yangi

Shu’lali zirako‘t

Maqomi 1 — Yo‘qolish arafasida

Onobrychis tavernierifolia Stocks ex Boiss.

Maqomi: 1. Janubi-g‘arbiy Qizilqumda juda oz miqdorda saqlanib qolgan kamyob tur.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 3–7 sm keladigan, yer bag‘irlab o‘suvchi, deyarli poyasiz, tuklar bilan qoplangan bir yillik o‘t. Bargi, asosan, bitta, yirik, teskari-tuxumsimon yoki 1–2 juft yonbargchali, ustki tomoni kalta yotiq, pastki tomoni hurpaygan oq tukli, bandi 5 sm uzunlikda. Gulpoyasining uzunligi 2–3,5 sm. Gulpopugi momiq, 3–7 gulli. Kosachasining uzunligi 3–3,5 mm. Dukkagi g‘adir-budur katakchali, uzunligi va eni 1 sm atrofida. May oyida gullaydi, mevasi iyunda yetiladi.

Tarqalishi: Buxoro viloyati: Qizilqumdagi qoldiq tog‘li joylarda (Quljuqtog‘ etaklarida joylashgan Churuq, Oyoqgujumli quduqlari atrofida) tarqalgan. Eronda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Qoldiq tog‘lardagi shag‘allitoshli va toshli yonbag‘irlarda o‘sadi.

Soni: Bir-biridan uzoqda yakka-yakka holda, baʼzan esa 2–3 tup bo‘lib o‘sadi. 2009 yili 94 tup o‘simlik qayd etilgan.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi. Urug‘i qattiq qobiq ichida joylashgan. Shuning uchun yog‘in ko‘p bo‘lgan yillari yaxshi unib chiqadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollarining ko‘plab boqilishi natijasida o‘simlikning soni kamayib ketgan.

Madaniylashtirilishi: 1962–1964 yillarda O‘zR FA Qizilqum cho‘l stansiyasida ekib o‘stirilgan.

Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [138, 153]. H. F. Shomurodov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009