Cicer incanum Korotkova
Maqomi: 1. G‘arbiy Pomir-Oloyning kamyob endemik turi.
Qisqacha tavsifi: Uzunligi 20–30 sm keladigan yarim butacha. Bo‘rtma, to‘lqinsimon poyasining rangi ko‘kimtir. Barglari juft-patsimon, uzunligi 2,5–4 sm. Barglarining bandi o‘zagiga tomon tikansimon tuklar bilan qoplangan bo‘ladi. Yaproqchalari 4–6 juft, uchli ponasimon yoki tuxumsimon, kalta tukchalar bilan qoplangan. Gulpoyasi 10–15 mm uzunlikdagi tuklar bilan qoplangan, 1,5–2,5 sm uzunlikdagi 1–2 ta guldan iborat. Gulkosasi tukli, 8–10 mm uzunlikda. Bayroqchasining uzunligi 20 mm, tashqi tomoni tukli. Qanotchalari 14–15 mm, qayiqchasi 13–14 mm. Dukkagi tukli, 2,5 sm uzunlikda. Iyul oyida gullab, avgustda meva tugadi.
Tarqalishi: Qashqadaryo viloyati: Qizildaryo havzasi (Toshqo‘rg‘on qishlog‘i).
O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta qismidagi qoyalarda o‘sadi.
Soni: 1996 yilda 20 ta o‘simlik qayd qilingan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Tarqalish doirasi tor bo‘lgan stenobiont endemik tur.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumot yo‘q.
Muhofaza choralari: Hisor davlat qo‘riqxonasida muhofaza etiladi. Manbalar. [151, 154, 181, 184].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009