← Loladoshlar
Shubhali lola, Chipor lola
Loladoshlar
Yangi

Shubhali lola, Chipor lola

Maqomi 3 — Kamyob

Tulipa dubia Vved.

Maqomi: 3. G‘arbiy Tyan-Shandagi kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 7–25 sm oralig‘idagi ko‘p yillik piyozli o‘t. Piyozi cho‘ziq-tuxumsimon, qobig‘i to‘q jigarrang, ichi yotiq tukli. Barglari uchta, ko‘kimtir, chetlari egri-bugri. Gullari yopirma barglar orasida joylashgan. Gulbandi sertuk, ko‘kimtir g‘uborli. Gullari yakka, sariq, tashqi tomoni ko‘kimtir-pushti yo‘l-yo‘l, gul tubi to‘q sariq. Changchi iplari to‘q sariq, changdonlari sariq. May– iyun oyida gullab, mevasi iyul–avgustda yetiladi.

Tarqalishi: Toshkent va Namangan viloyatlari: Ugom, Piskom, Qorjontov, Chotqol, Qurama tizmalarida tarqalgan. Qirg‘iziston va Qozog‘istonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Tog‘ning o‘rta va yuqori qismidagi mayin zarra tuproqli, shag‘alli yonbag‘irlarda o‘sadi.

Soni: Yakka-yakka holda tarqalgan.

Ko‘payishi: Urug‘idan va piyozidan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Gullari va piyozlari yig‘ib olinishi sababli qisqarib bormoqda.

Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida 1951 yildan buyon ekib o‘stiriladi.

Muhofaza choralari: Chotqol biosfera qo‘riqxonasida va Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘ida muhofaza qilinadi. Biologik xususiyatlarini o‘rganish va madaniylashtirilishi lozim. Manbalar. [50, 60, 291].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009