Tulipa carinata Vved.
Maqomi: 3. Pomir-Oloyning janubi-g‘arbidagi kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 15–50 sm orasidagi ko‘p yillik piyozli o‘t. Piyozi tuxumsimon, diametri 1,5–4 sm, qobig‘i charmsimon qora qo‘ng‘ir rangli, ichki tomoni qalin tukli. Barglari 3–4 ta. Guli yakka, qizil yoki pushti rang. Gulining tubi sariq yoki xiraroq sariq. Changchi iplari qora, changdoni qora yoki qizg‘ish, baʼzan sariq. May–iyunda gullab, mevasi iyul–avgust oylarida yetiladi.
Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Ko‘hitang, Boysun va Cho‘lbayir tog‘lari, Hisor tizmasida (To‘palang, Sangardak daryolari havzasi) tarqalgan. Tojikiston va Turkmanistonda ham uchraydi.
O‘sish sharoiti: Tog‘ning o‘rta qismidagi toshli va mayda tuproqli yonbag‘irlarda o‘sadi.
Soni: Yakka-yakka holda tarqalgan.
Ko‘payishi: Urug‘idan va piyozidan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Ko‘plab gullari terib olinishi sababli areali qisqarib bormoqda.
Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida 1966 yildan buyon ekib o‘stiriladi.
Muhofaza choralari: Surxon davlat qo‘riq xonasida muhofaza qilinadi. O‘sib turgan joylari nazorat ostiga olinishi lozim. Manbalar. [40, 50, 60, 291]. A. H. Sharipov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009