Tulipa scharipovii Tojibaev
Maqomi: 2. Farg‘ona vodiysining shimoliy adirlarida tarqalgan endemik tur.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 15–20 sm ga yetadigan, piyozi ko‘p yillik o‘t o‘simlik. Piyozi tuxumsimon, qobig‘i qattiq, jigarrang tusli, ichki tomonidagi tuklari zich joylashgan, qobiqning tubi va yuqorisida jamlangan. Yuqoridagi tuklari qobiqdan tashqariga chiqib turadi. Barglari 3 ta, lansetsimon, bir-biriga juda yaqin joylashgan, 7–10 sm. Guli sariq, tubida sariq rang quyuqlashadi. Gul bargchalarining uchi kesilgan yoki chuqurchali. Chang iplari va changdonlari sariq. Mart–aprel oylarida gullab, mevasi mayda pishadi.
Tarqalishi: Namangan viloyati: Chotqol va Qurama tizmalarining tog‘ oldi tekisliklari va adirlarida tarqalgan (To‘raqo‘rg‘ondan Rezaksoy qishlog‘igacha).
O‘sish sharoiti: Quyi adirlardagi biroz sho‘rlashgan mayin tuproqlarda, yuqori adirlardagi toshli-shag‘alli yonbag‘irliklarda o‘sadi.
Soni: Yakka-yakka va kichik to‘plar hosil qilgan holda uchraydi. Populyatsiyalarda 100 × 100 m maydonda 50–80 ta tupi uchraydi.
Ko‘payishi: Urug‘idan va piyozidan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Guli va piyozlarining ko‘p miqdorda yig‘ib olinishi hamda chorva mollarining boqilishi.
Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida 2009 yildan buyon ekib o‘stiriladi.
Muhofaza choralari: Uning o‘sib turgan tuplari nazorat ostiga olinishi lozim. Manbalar. [291, 292, 369]
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009