← Loladoshlar
Oraliq lola
Loladoshlar
Yangi

Oraliq lola

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Tulipa intermedia Tojibaev et J. de Groot

Maqomi: 2. Farg‘ona vodiysining shimoliy adirlarida tarqalgan kamyob o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Piyozi tuxumsimon, diametri 1,5 – 3,0 sm, qobig‘i ensiz, charmsimon, to‘q jigarrang tusli, birmuncha uzun, baʼzan hatto tuproq yuzasiga chiqib qolishi mumkin. Ichki tomonidagi tuklari zich joylashgan va asosan qobig‘ining pastki qismi hamda yuqorisida jamlangan. Bargi 3 ta, ular bir-biriga juda yaqin o‘rnashgan, 5–7 sm uzunlikda, nashtarsimon qirrali, chetlari buralgan, to‘lqinsimon. Yakkagulli, guli sariq, to‘q sariq yoki qizil (var. korolkowioides), gul tubi jigarrang yoki to‘q sariq rang. Gul bargchalarining uchi o‘tkir yoki biroz kemtiklashgan. Changchi iplari 1,0 – 1,3 sm, sariq, baʼzan pastki qismi qora, yuqorisi alvon rang (var. korolkowioides), chetlari bir-biriga parallel, o‘rta qismi biroz kengaygan. Changdonlari sariq. Tugunchasi butilkasimon, rangi och-sariq. Mart oyining oxiri – aprel oyining boshlarida gullab, urug‘i aprel oxiri – may oylarida yetiladi.

Tarqalishi: Namangan viloyati (Chust va Pop tumanlari): Qurama tizmasida tarqalgan. O‘sishi. Adirlarning quyi va o‘rta qismidagi toshli-shag‘alli yonbag‘irliklarda o‘sadi.

Soni: Yakka-yakka holda tarqalgan.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollarining betartib boqilishi tufayli kamayib bormoqda.

Madaniylashtirilishi: O‘zR FA O‘simlik va hayvonot olami genofondi institutining Toshkent botanika bog‘ida ekib o‘stirilmoqda.

Muhofaza choralari: Chorva mollarini tizimli ravishda o‘tlatish hamda o‘sish maydonlarida doimiy kuzatuv tadqiqotlarini amalga oshirish lozim.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009