← Loladoshlar

Tulipa tubergeniana T. M. Hoog

Maqomi: 3. Janubi-g‘arbiy Pomir-Oloydagi kamyob, yo‘qolish arafasidagi tur.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 10–30 sm ga yetadigan ko‘p yillik piyozli o‘t. Piyozi tuxumsimon, diametri 3–5 sm, qobig‘i jigarrang yoki qo‘ng‘ir, ichki tomoni to‘rsimon-chalkash, momiq tukli. Barglari 3 ta, gulidan uzun. Gullari yakka, yirik, diametri 6–7 sm, qizil, tubi qora, och sariq, gardishsimon dog‘li. Changchi iplari qora, changdonlari binafsha rangli. Aprelda gullab, mevasi iyun–iyul oylarida yetiladi.

Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Hisor tizmasida (Boysun tog‘larida, Sina qishlog‘i atrofi va To‘palang daryosi havzasida), Ko‘hitang va Bobotog‘ tizmalarida tarqalgan. Tojikistonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Adirlarda va tog‘larning pastki qismidagi ola jinsli va soz tuproqli yonbag‘irlarda, ko‘pincha, pistazorlarda o‘sadi.

Soni: Tabiatda yakka-yakka holda tarqalgan.

Ko‘payishi: Urug‘idan va piyozidan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Gullari ko‘plab uzib olinishi va chorva mollari boqilishi tufayli kamayib bormoqda.

Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida 1955 yildan beri ekib o‘stiriladi.

Muhofaza choralari: Ayrim populyatsiyalari Surxon davlat qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Tabiatdan yangi o‘sib turgan yerlarini qidirib topish lozim. Manbalar. [40, 50, 60, 291]. A. H. Sharipov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009