← Loladoshlar
Tukli lola, Surxon lolasi
Loladoshlar
Yangi

Tukli lola, Surxon lolasi

Maqomi 3 — Kamyob

Tulipa lanata Regel

Maqomi: 3. Pomir-Oloydagi kamyob endemik o‘simlik. Tyulpan sherstistыy / Tulipa lanata Regel

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 15–40 sm ga yetadigan ko‘p yillik piyozli o‘t. Piyozi tuxumsimon, diametri 4 sm gacha, qobig‘i yupqa-charmsimon, qo‘ng‘ir rangli, ichki tomoni qalin, uzun tuklar bilan qoplangan. Barglari 4 tagacha, chetlari egri-bugri. Guli yakka, diametri 5–6 sm, gulqo‘rg‘oni qizil, asosi qo‘ng‘ir yoki qora, oq-sariq hoshiyali. Changchi iplari qisqa, tubi qora, uchburchak shaklda, changdonlari qizg‘ish-qora, tub qismi oq. Aprel–may oylarida gullab, mevasi iyunda yetiladi.

Tarqalishi: Hisor tizmasi, Ko‘hitang, Boysuntog‘ va Bobotog‘da tarqalgan (Surxondaryo viloyati). Tojikistonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Tog‘ning pastki qismidagi soz tuproqli va toshli yonbag‘irlar hamda ochiq ola jinsli tuproqlarda tarqalgan.

Soni: Yakka-yakka va kichik guruhlar holida o‘sadi.

Ko‘payishi: Urug‘idan va piyozidan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Gul va piyozlarining ko‘p miqdorda yig‘ib olinishi hamda chorva mollarining boqilishi tufayli qisqarib bormoqda.

Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida 1954 yildan buyon ekib o‘stiriladi.

Muhofaza choralari: Surxon davlat qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. O‘simlikning soni va populyatsiyasi holatini nazorat ostiga olish hamda chorva mollari boqilishini tartibga solish lozim. Manbalar. [40, 50, 60, 291]. A. H. Sharipov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009