← Qoqio‘tdoshlar (Murakkabguldoshlar)
Qisqamo‘y ko‘kbosh
Qoqio‘tdoshlar (Murakkabguldoshlar)
Yangi

Qisqamo‘y ko‘kbosh

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Echinops brevipenicillatus Tscherneva

Maqomi: 2. O‘zbekistonning janubiy mintaqasiga xos juda kamyob tur.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 30–60 sm ga yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyasi tik, bargli, yuqori qismi shoxlangan, yuza jo‘yakli, oqish qalin tukli. Barglari charmsimon, ustki tomoni yashil, siyrak bezchali, chalkash tukli, pastki tomoni oqish qalin tukli. Yopirma barglari yirik, chetlari butun, uzun bandli, charmsimon. Poyadagi barglari yuqoriga qarab kichrayib boradi, bandsiz. Poyaning pastki qismidagi barglari kichik o‘simtali, cho‘ziq nashtarsimon. Savatchasi yumaloq, diametri 5 sm atrofida. O‘rama bargchalari 16–19 ta, silliq. Toji oqish, chuqur kesilgan, naychasi bezchali. Urug‘i qalin tukli. Iyun–iyul oylarida gullab, mevasi iyul–avgustda yetiladi.

Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Bobotog‘ tizmasida tarqalgan. Tojikistonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Tog‘larning pastki qismidagi va tog‘ etaklaridagi ochiq ola jinslarda o‘sadi.

Soni: Tabiatda juda kam tarqalgan.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Ochilib qolgan ola jinslarda o‘sganligi uchun ular cheklangan maydonlardagina saqlanib qolgan.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [332, 333].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009