← Qoqio‘tdoshlar (Murakkabguldoshlar)
Sangardak yurineyasi
Qoqio‘tdoshlar (Murakkabguldoshlar)
Yangi

Sangardak yurineyasi

Maqomi 1 — Yo‘qolish arafasida

Jurinea sangardensis Iljin

Maqomi: 1. Hisor tizmasidagi juda kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 80 sm gacha yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyalari kamroq, tik, yakka boshchali, tik chiziqli (jo‘yakli), siyrak bezchali. Barglarining ustki tomoni yashil, biroz g‘adir-budir, pastki tomoni kulrang, chalkash tukli. Yopirma va poyaning pastki qismidagi barglari bandli, qolganlari bandsiz, yaprog‘ining pastki qismi poyaga yopishgan, toq patsimon, eng yuqoridagi barglari ipsimon. Savatchasi silindrsimon. O‘rama bargchalari savatchaga yopishgan, yo‘g‘on tomirli. Toji qirmizi-pushti rangli. Urug‘i teskari piramidasimon, tuksiz, silliq. Iyunda gullab, mevasi iyul–avgustda yetiladi.

Tarqalishi: Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari: Hisor tizmasidagi Qizilsuv, Sangardak va To‘palang daryolari havzalarida hamda Boysun tog‘larida tarqalgan.

O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta qismidagi yonbag‘irlarda mayda jins tuproqlarda, archazorlarda o‘sadi.

Soni: Tabiatda juda kam uchraydi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Hisor davlat qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Manbalar. [105, 159, 331].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009